Qo'shma Shtatlar qochqinlarni qabul qilish dasturini qayta boshlamoqda, ammo 11 mamlakat fuqarolari bundan buyon qattiq tekshiruvdan o'tadi. Prezident Donald Tramp bu haqda yangi farmon imzoladi.
Tramp Oq uyga kelganidan so'ng qochoqlarni qabul qilishni to'rt oyga to'xtatgan, dasturni qayta ko'rib chiqishni buyurgan edi. Yangi farmon qochqin maqomini olish talablarini kuchaytiradi, xususan arizachilar o'zi haqida qo'shimcha biografik ma'lumotlar taqdim etishi lozim.
AQSh xavfsizligiga tahdid deb ko'rilayotgan 11 mamlakat fuqarolari esa qo'shimcha 90 kunlik tekshiruvdan o'tadi. Oq uy bu davlatlar ro'yxatini e'lon qilmagan. Ayrim manbalarga ko'ra bular - Misr, Eron, Iroq, Liviya, Mali, Shimoliy Koreya, Somali, Janubiy Sudan, Sudan, Suriya va Yaman.
Yangi qoidalar tufayli, deydi faollar, arizalarni ko'rib chiqish jarayoni bir necha oydan bir necha yilga cho'zilishi mumkin. Saylov kampaniyasi paytida qochqinlar oqimini kamaytirishga va'da bergan Tramp shu paytgacha bir qancha farmonlar imzoladi, biroq bir nechasi kuchga kirmasidan turib sudlar tomonidan to'xtatilgan.
Tramp ma'muriyatiga ko'ra, 2018-yilda AQSh jami 45 ming qochqinga joy beradi. Bu so'nggi 30 yildagi eng past raqam. Oldingi prezident Barak Obama Amerika 2017-yilda 110 ming qochqinni qabul qiladi, deb belgilagan edi. Tramp kelishi bilan bu qaror bekor qilingan.
Facebook Forum