Breaking News

AQSh bu yili qabul qilgan qochqinlarning yarmi musulmonlar


2016-moliyaviy yilda Qo'shma Shtatlar qariyb 29 ming musulmon qochqinni qabul qildi. 2015-yil 1-oktabridan bugungacha jami 63 ming odam AQShda joylashtirilgan bo'lsa, ularning deyarli yarmi musulmonlar, deyiladi“Pyu” (Pew) tadqiqoytlar markazi ma’lumotnomasida.

Bu 2002-yilda bunday ma’lumot to’plana boshlaganidan beri eng baland ko’rsatkich.

Nasroniy qochqinlar son jihatidan ikkinchi eng katta guruh. 27556 kishi, ya’ni umumiy sondan 44 foizini aynan shu din vakillari tashkil etadi.

AQShga qochqin sifatida kirishni so'raganlarning ishi xorijda ko’rib chiqiladi. Ularga qator savollar beriladi, jumladan e'tiqodi haqida. Arizasi tasdiqlansa, ular AQShga yo’l oladi va Qochqinlarni joylashtirish idorasi bilan hamkorlik qiladigan nodavlat tashkilotlaridan joylashishda yordam oladi.

AQSh qonunlariga ko'ra, qochqin va boshpana so’rovchilar orasida farq bor. Boshpana so’raganlar odatda avval AQSh hududiga yetib keladi.

Suriyaliklar Iordaniyadagi AQSh qochqinlar markazida qochqin maqomini olish uchun navbatda. 6-aprel 2016-yil
Suriyaliklar Iordaniyadagi AQSh qochqinlar markazida qochqin maqomini olish uchun navbatda. 6-aprel 2016-yil

Amerikada yiliga qariyb bir million odamga doimiy yashash va ishlash huquqi beriladi. Ulardan 10 foizi - qochqinlar.

Bu yili qochqin maqomini olgan musulmonlarning deyarli yarmi Suriya (8511 odam) va Somalidan (7234). Qolganlari - Iroq (6071), Myanma (2554), Afg’oniston (1948) va boshqa mamlakatlardan (2639).

So’nggi 15 yilda AQSh qariyb 390 ming nasroniy va 270 ming musulmon qochqinni qabul qilgan. Demak, barcha qochqinlarning 46 foizini nasroniylar, 32 foizini musulmonlar tashkil etgan.

Boshqa dinlar vakillari 10 foizga teng: 2500 dan ziyod qochqin - buddaviylar, qariyb 1500 odam - hindu diniga mansub.

2015-yil 1-oktabridan joriy yilning avgust o’rtasigacha AQSh 63 ming qochqinni qabul qildi. Aksariyati Myanma (10464), Kongo (10417), Suriya (8569) va Iroqdan (7479).

Obama ma’muriyati joriy moliyaviy yilda 10 ming suriyalik qochqinni qabul qilish rejasini e'lon qilgan edi. Suriyadan kelayotgan qochqinlarning 99 foizi - musulmonlar, 1 foizi - nasroniylar. 2010-yilda Suriya aholisining 93 foizini musulmonlar, 5 foizini nasroniylar tashkil etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG