Breaking News

Osiyo-Tinch okeani Amerika diqqat markazida qoladi


Amerika Tinch okeanida katta harbiy kuchga ega
Amerika Tinch okeanida katta harbiy kuchga ega

AQShda kim prezident bo'lsa ham Osiyo-Tinch okeani davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlashda davom etishi kerak. Obama ma'muriyatining pozitsiyasi shu.

Janubiy Koreya va Yaponiya singari azaliy ittifoqchilar Amerikaning roli susaymaydi degan umidda. Saylov kampaniyasida demokrat nomzod Hillari Klinton Osiyo-Tinch okeani bilan hamkorlik ustuvor masala deya qayd etsa, respublikachi nomzod Donald Tramp har bir mamlakat o'z aravasini o'zi tortib, AQShda najot kutmasligi kerak deya eslatib turdi.

Yaqin Shardagi notinchliklar, "Islomiy davlat" ga qarshi kurash, qochqinlar va terrorizm - Amerika uchun tashqi siyosatda eng muhim masalalar. Lekin, deydi mutaxassislar, dunyo iqtisodiyotining 40 foizi Osiyo-Tinch okeani hududida ekan, Vashington bu tomonlarga e'tiborni oshirishga majbur.

Janubiy Xitoy dengizida Xitoy xo'jayin, deya qayd etib keladi Pekin
Janubiy Xitoy dengizida Xitoy xo'jayin, deya qayd etib keladi Pekin

Shimoliy Koreya yadroviy qurollarini ko'paytirish payida. Xitoy esa Janubiy Xitoy dengizida xo'jayin ekanini uqtirib kelmoqda. Atrofdagi davlatlar xavotirda. Ular Amerikadan himoya kutmoqda. Azaliy hamkor Filippin esa Vashingtondan uzoqlashib, Xitoy bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda.

Barak Obama va undan oldingi prezident Jorj Bush davrida Osiyo-Tinch okeani bilan sheriklik kengaydi. Oq uy yangi savdo bitimi ustida kelishdi va u amalga oshadi degan umidda. Yangi prezident bu kelishuvni chetga surmasligi lozim, deydi siyosatdonlar.

Klinton ham, Tramp ham 12 davlat bilan ishlab chiqilgan savdo bitimiga birdek qarshi. Klinton fikricha, hujjatni qayta ko'rib chiqish kerak. Tramp esa uni uloqtirish kerak deydi.

Klinton saylansa, Obama siyosatini ko'p jihatdan davom ettirishi kutilmoqda. Saylov kampaniyasi davrida aytilgan so'zlar unutilishi mumkin.

Tramp fikricha, Janibiy Koreya va Yaponiya tekin mudofaadan umidini uzishi kerak. Nega Amerika ularni o'z cho'ntagidan to'lab, himoya qilishi kerak? Obama ma'muriyati nazarida Tramp tashqi siyosat va Amerikaning global roli va majburiyatlarini tushunmaydi.

Saylovchilar orasida Osiyo-Tinch okeani Amerika uchun muhim emas deydiganlar ko'p
Saylovchilar orasida Osiyo-Tinch okeani Amerika uchun muhim emas deydiganlar ko'p

Vashington, 2015
Vashington, 2015

Tramp deydiki, AQSh boshqa davlatlarni tekinga boqishni va qo'riqlashni bas qilishi kerak. "Bizga nimadir bo'lsa, Yaponiya nima qila oladi"?- deya so'raydi u.

Mutaxassislar esa respublikachi nomzodning iddaolari asossiz deya, Yaponiya va boshqa davlatlar mintaqaviy xavfsizlik yo'lida milliardlab dollar ajratishini eslatadi. Yaponiya AQSh harbiy ko'magi uchun yiliga 1,6 milliard dollar bersa, Janubiy Koreya 1 milliard dollar uzatadi.

Trampning maslahatchisi Piter Xokstra, sobiq kongressmen, so'zlariga ko'ra, AQSh global lider lekin bu xalq butun dunyo xarajatini ko'tarishga majbur emas.

"Har bir dollarimiz qayoqqa va nima uchun sarflanayotganini tekshirishimiz kerak. Xalqimiz ishlab topgan pul bizga foydasi tegmaydigan sohalar va tomonlarga ketishini to'xtatishimiz shart",- deydi Xokstra.

Uning fikriga qo'shilmayidigan siyosatdonlar ta'biricha esa Vashington uchun uzoq va yaqinda ishonchli ittifoqchilarga ega bo'lish nihoyatda muhim va bu qudrat belgisidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG