Breaking News

Qrim bosib olinishiga nima turtki bo’ldi?


Qrim Moskva vaqti, Rossiya pul birligiga o’tdi. Xalqaro hamjamiyat tan olmasa-da, yarim orol endi Rossiyaning hududi, mulki.
Qrim bosib olinishiga nima turtki bo’ldi?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00
Yuklab oling

Prezident Vladimir Putin aynan nima sababdan bunday qaltis ishga qo’l urgani borasida taxminlar bir dunyo.

G’arb ahli Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini noqonuniy va xalqaro tartib-nizomlarga mutlaqo zid, deya tanqid qilmoqda.

Kolumbiya universiteti professori Robert Legvoldning aytishicha, prezident Vladimir Putin uchun bu siyosiy meros bilan bog’liq masala.

“Ko’pchilik Putin tarixda Sochi olimpiadasi bilan yodda qoladi deb o’ylagandi. Lekin Qrimni Ona Rossiya quchog’iga qaytargani va tarixiy xatoni tuzatgani, Putin nazarida, prezidentligining eng katta yutug’idir”, - deya sharhlaydi Legvold.

Rossiya rahbariga ko’ra, Qrim yarim oroli 1954-yilda Ukrainaga berib yuborilgani adolatsizlik bo’lgan va Rossiya shunchaki o’zinikini qaytarib oldi.

Vilson tahlil markazidan Metyu Rojanskiy deydiki, shu bilan birga Putin Rossiyaning xalqaro sahnadagi obro’sini bir pul qildi.

“Lekin Putin uchun boshqa bir jihati muhim. Uni endi nafaqat rus millatining himoyachisi, balki buyuk Rossiya qiyofasini tiklagan rahbar deb ko’rishadi. Yangi ulug’vor Rossiyadan qo’rqishgani uchun ham uni hurmat qilishadi, degan tasavvurlar paydo bo’ldi va Putin bundan mamnun”, - deydi Rojanskiy.

AQShning ikki prezidenti qo’lida maslahatchi bo’lib ishlagan Brent Skoukroft “Amerika Ovozi”ga bergan intervyularida Putinning shaxsiyatiga ko’p to’xtaladi.

“Vladimir Putin hanuz alamidan chiqqan emas, chunki uning nazarida Sovuq urush nihoyasiga yetgan bir davrda Rossiyani zaif deb ko’rishib, uni oyoq osti qilishdi. Qaysidir ma’noda bu gapda jon bor. NATO, shimoliy alyans to’ppa-to’g’ri sobiq sovet davlatlariga kirib borib, o’z doirasini kengaytirdi. Raketa hujumiga qarshi bitimlarga rioya qilinmadi. Aslida G’arb Rossiyaning nufuzini pasaytirish uchun qilgani yo’q bu ishlarni, balki manfaatlar shunga yetaklagan. Putin esa bundan darg’azab”, - deya qayd etadi Skoukroft.

Qrim o’zlashtirilgani ketidan AQSh va Yevropa Rossiyaga iqtisodiy sanksiyalar qo’ydi. Kreml ham amerikalik qonunchilar va Oq uy rasmiylariga Rossiyaning eshiklarini yopdi.

Oradagi nizo va adovat deb bir qancha xalqaro muammolar yechimi qiyinlashishi mumkin. Masalan, Eron yadro dasturi.

“Suriyani oling. Vashington va Moskva bu davlatni yadroviy qurollardan tozalashda kelishib ishladi. Biroq endi urushni xuddi shu asnoda, siyosiy yo’l bilan hal qilamiz degan umidlar so’nib borayapti. Chunki Rossiya va G’arb tutgan pozitsiya bir-biriga mutlaqo zid”, - deydi professor Legvold.

Ekspertlar fikricha, AQSh va Rossiya Ukraina va boshqa masalalar ustida tortishishda davom etsa, ixtilof yangi sovuq urushga turtki bersa ajab emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG