Nebraska shtatining Omaxa shahrida Yevropa va Yevrosiyo hududlarida yadroviy qurollarni tarqatmaslik masalalariga bag’ishlangan simpozium bo’lib o’tdi. Asosiy e’tibor AQSh va Rossiya o’rtasidagi munosabatlar, xususan yadro qurollarini kamaytirishga qaratildi.
Shu yilning fevral oyida Vashington va Moskva o’rtasida yangi START bitimi kuchga kirgan edi.
AQSh Davlat kotibining qurol nazorati masalalari bo’yicha muovini Rouz Gottmoller (Rose Gottemoeller) START bitimi doirasidagi hamkorlikni samarali deb baholaydi.
Rasmiyga ko’ra, shu kunga qadar AQSh va Rossiya bir-birining yadroviy qurol-aslaha omborlaridan sakkiztasini tekshiruvdan o’tkazgan. Yadroviy raketalarga oid ma’lumotlar bilan o’rtoqlashmoqda.
Bugun amerikalik mutaxassislar ilk bor Rossiyaning raketa otuvchi mobil moslamalarini, rossiyaliklar esa AQShning og’ir bombardimonchi vositalarini ko’rish imkoniga ega.
O’zaro inspeksiyalar har olti oyda o’tkaziladi, deydi AQSh Davlat departamenti rasmiysi. Rouz Gottmoller bundan buyon amalga oshirilishi kutilayotgan tadbirlarga alohida to’xtalgan.
“Rossiya bilan samarali muloqotga tayyormiz, va AQSh yadroviy qurollarni asta-sekin kamaytirish niyatidan qaytmagan”, - deya ta’kidlaydi u.
“Kelajakda barcha turdagi yadroviy qurollar, xususan strategik, no-strategik, ma’lum yerda joylashtirilgan yoki hamon omborxonalarda saqlanayotgan barcha qurollarni kamaytirish haqidagi yangi bitimni ham imzolashga tayyormiz”, - deydi Gottmoller.
AQSh prezidenti Barak Obama 2010-yilning aprel oyida Pragada yangi START bitimini imzolash paytida bu haqda Rossiya rahbariga shaxsan aytgan edi.
Shu bilan birga, davlat kotibi muovini, AQSh va Rossiya o’rtasidagi bitim ijrosi yanada shaffofroq bo’lishi kerakligini ta’kidlab, buni qanday amalga oshirish masalasi ko’rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Vashington bu borada o’z hamkorlari, xususan hududida AQSh yadroviy raketalari joylashtirilgan davlatlar bilan ham maslahatlashadi.
“Biz NATO tashkiloti doirasidagi muzokaralarga Rossiyani ham taklif etamiz”, - deydi Rouz Gottmoller.
Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to’g’risidagi xalqaro bitimni imzolagan davlatlar ishtirokida kelasi yili konferensiya bo’lib o’tishi rejalangan. Maqsad - dunyo bo’ylab yadroviy qurollarni tarqatmaslik masalasini yana bir bor ko’rib chiqishdir.
“AQSh zaxiradagi qurollari sonini oshkor etib, bu jarayonga yetakchilik qilayotganidan nihoyatda mamnun”, - deydi diplomat, boshqa davlatlarni ham shunga da’vat etar ekan.
“Bu mamlakatlar orasidagi o’zaro ishonchni kuchaytiradi”, - deydi Gottmoller.