Qo’shma Shtatlarga ko’ra, 24 rossiyalik diplomat vizasining muddati sentabrda tugashi bilan mamlakatni tark etishi kerak. Bu haqda Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov ma’lum qildi.
Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning bildirishicha, bu AQShda ishlayotgan rossiyalik diplomatlar uchun viza yangilash jarayonining bir qismidir va bu jarayon har uch yilda o’tkaziladi.
“Rossiyaliklar uchun vizaga qo’yilgan uch yillik cheklov yangilik emas. Viza tugashi bilan ular mamlakatni tark etishi yoki yangi muddatga hujjat berishi kerak”, - deydi rasmiy.
Biroq rus mutasaddilariga ko’ra, AQSh viza olish jarayonini qiyinlashtirib, diplomatlarni chiqib ketishga majburlamoqda.
Rossiya o’z navbatida bungacha AQShga uning Moskvadagi elchixonasida ishlash uchun Rossiya va boshqa mamlakatlar fuqarolarini yollashni taqiqlab qo’ygan edi. Natijada Amerika elchixonasi 180 dan ortiq mahalliy xodimini ishdan bo’shatishga majbur bo’ldi. Bu esa vakolat faoliyatini qiyinlashtirib qo’ydi.
“Viza masalasi juda muhimdir. Rossiyalik talabalar va umuman, AQShga kelmoqchi bo’lgan rossiyaliklarga viza kerak. Moskvadagidek shahardagi elchixonada ish ko’p, qo’shimcha xodimlarga ehtiyoj bor. Shu sababdan AQSh hukumati odatda rossiyaliklarni yollaydi, ular vizalar bilan yordam beradi”, - deydi Vashingtondagi AQSh Tinchlik institutidan Donald Jensen.
AQSh va Rossiya o’rtasidagi diplomatik qarama-qarshilik aprel oyida Rossiya hukumatini o’z fuqarolariga AQSh elchixonasida ishlashni man qilishga majburladi.
Qarama-qarshilik shu darajaga yetdiki, joriy yil martida Rossiya elchisi Antonov maslahatlashuv uchun Rossiyaga ketib qoldi.
Ma’lum muddatdan so’ng AQSh elchisi Jon Sullivan ham Vashingtonga shu maqsadda chaqirib olindi.
Har ikki diplomat o’z ishiga qaytgan, iyun oyida hatto Prezidentlar Vladimir Putin va Jo Bayden yuzma-yuz uchrashdi. Shunga qaramasdan ikki davlat munosabatlari sovuqligicha qolmoqda.
“Kreml AQSh manfaatlariga qarama-qarshi bo’lgan xavfli siyosat yuritmoqda. Choralarimiz qattiq bo’lishi, mazkur siyosatni to’xtatishga qaratilishi kerak”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazining yetakchi ilmiy xodimi Jon Xerbst.
Diplomatik tortishuvlarga qaramay, Moskva va Vashington kattaroq, strategik masalalarda hamkorlikka tayyor ekanini aytadi.
Facebook Forum