AQSh va Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiyaga qo’chimcha iqtisodiy jazo choralarini qo’llash ustida o’ylanmoqda. Ilk sanksiyalar 2014-yilda Rossiya Qrimni o’ziga qo’shib olganidan so’ng joriy etilgan. Shu yil mart oyida Britaniyada sobiq rus josusi va uning qizi zaharlangach, G’arb yana Rossiyani aybdor deb bilib, sanksiyalarni yangiladi.
Mutaxassislarga ko’ra, sanksiyalar natijasida Rossiya iqtisodiyoti jabr ko’rmoqda, biroq Prezident Putin siyosatini o’zgartirishni xayoliga ham keltirmayapti.
BMT Xavfsizlik Kengashida o’tgan majlisda Rossiya elchisi mamlakatining Britaniyada qo’llangan asab-falaj gaziga aloqasi yo’qligini yana bir bor aytdi. AQSh elchisi Kreml unga qo’yilgan birorta ayblovni hali tan olmaganini aytadi.
“Rossiya Qrimdagi voqealarga ham, Malayziya samolyotining urib tushirilganiga ham, sobiq josus Aleksandr Litvinenkoning Londondagi o’limiga ham aloqador ekanini inkor etib kelgan. Boshqa misollar ham bor, Rossiyaning javobi esa bir xil, ammo hech kim unga ishonmaydi”, - deydi Nikki Xeyli.
AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol Senatda o’tgan tinglovda G’arb sanksiyalarining Rossiya iqtisodiyotiga salbiy ta’siri jiddiy bo’lganini aytdi.
“Biroq shunga qaramay, Putin Suriya yoki Ukrainadan qo’shinlarini olib chiqqani, bizga qarshi tashviqotini bas qilgani yo’q”, - dedi sobiq diplomat.
Britaniya Xavfsizlik vaziri Ben Uolles ham shu fikrda.
“Rossiya hozirgi yo’lidan qaytmaydigan ko’rinadi”, - deydi u.
Putinning aytishicha, AQSh sanksiyalaridan foyda yo’q, aksincha teskari natija bermoqda.
“Vaqti kelib amerikalik hamkorlarimiz bunday siyosatining ma’nosiz ekanini tushunib, biz bilan konstruktiv hamkorlikni boshlaydi, degan umiddaman”, - dedi Putin.
AQSh va Yevropadagi ayrim siyosatchilar bu fikrga qo’shilmaydi.
“Ba’zan sanksiyalar noqonuniy harakatga qarshi to’g’ri va ma’naviy tomondan asosli jazodir, garchi Putin siyosatini o’zgartirishga olib kelmasa-da”, - deydi sobiq elchi Makfol.
Ben Uolles nazarida, Rossiya hukumatining oddiy xalq hayoti va taqdiri bilan ishi yo’q, biroq Kremlning hozirgi siyosati jazosiz qolmaydi.
“Biz shunday javob beraylikki, Birlashgan Qirollik va xalqaro hamjamiyat Rossiyaning hozirgi siyosatiga jim qarab turmasligini Kreml tushunsin”, - deydi britan vaziri.
Yaqin kunlarda Rossiya yangi va qattiqroq sanksiyalarga uchrashi kutilmoqda.
Facebook Forum