Qo’shma Shtatlar Rossiyani uning sun’iy yo’ldoshlarini urib tushirishga qodir, Yer orbitasida past balandlikda harakatlanadigan sun’iy yo’ldoshni uchirganlikda ayblamoqda.
“Rossiya kosmosga qarshi yangi qurolini AQSh hukumatiga qarashli sun’iy yo’ldoshlar joylashgan orbitada joylashtirdi”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Pet Rayder.
Pensilvaniya universiteti tahlilchisi Benjamin Shmittning aytishicha, Rossiya bu bilan orbitadagi boshqa sun’iy yo’ldoshlarni kuzatish va o‘rganish salohiyatiga ega bo’ladi.
Kreml AQSh da’volarini soxta xabar deb atadi, fazoda xalqaro hamkorlik tarafdori ekanini bildirdi.
“Rossiya fazoning qurolli to’qnashuv maydoniga aylanishining oldini oladi. Fazoning butun insoniyat farovonligi uchun faqat tinch yo’l bilan tadqiq etilishini targ’ib qilishda davom etamiz”, - deydi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova.
Bir necha kun oldin Rossiya fazoda qurol poygasining oldini olishga da’vat etuvchi rezolyutsiya loyihasini BMTga taqdim etdi, biroq AQShning qarshiligi sabab hujjat qabul qilinmadi.
“Rossiyaning orbitada sun’iy yo’ldoshga qarshi bir nechta qurollari bor, ulardan biri 2019-yilda sinalgan. Rossiya sun’iy yo’ldoshlarga, jumladan tijoriy sun’iy yo’ldoshlarga qurollari bilan bir necha bor tahdid solgan”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi o’rinbosari Robert Vud.
Amerikalik qonunchilar buni AQSh-Rossiya munosabatlarida yana bir muammo deb atadi.
“Ittifoqchilarimizni qo’llab-quvvatlab, urush jinoyatchisi bo’lgan Putinga qarshi turishimiz kerak”, - deydi Kongress Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Jo Uilson.