Breaking News

AQShda josuslikda ayblanayotgan Rossiya fuqarosi aybni bo'yniga oldi


Yevgeniy Buryakovning suddagi surati
Yevgeniy Buryakovning suddagi surati

AQSh Adliya vazirligining bayonotiga ko'ra, josuslikda ayblanayotgan Rossiya fuqarosi kelasi oyda bo’lib o’tadigan federal sud jarayonidan oldin aybiga iqror bo’ldi.

“Yevgeniy Buryakov xorijiy davlat agenti sifatida ishlayotgani haqida AQSh rasmiylarini xabardor qilmay maxfiy ravishda Rossiya foydasiga ishlaganlikda ayblanmoqda", - deydi AQSh Bosh prokurorining milliy xavfsizlik masalalariga mas'ul o'rinbosari Jon Karlin.

Nyu-York shahridagi bankda xizmatchi bo'lib ishlagan Buryakov Rossiya Tashqi razvedka xizmati SVR uchun ma’lumot to’plagani aytiladi.

Prokuratura hujjatlariga ko’ra, Buryakov ishini 4-apreldan boshlab Nyu-Yorkning Manxetten dahasida joylashgan federal sud ko’rib chiqa boshlaydi. Hukm 25-may kuni chiqarilishi, aybdor deb topilgan taqdirda Buryakov besh yilgacha qamalishi mumkin.

AQSh Adliya vazirligiga ko'ra, Buryakov 2015-yil yanvarida hibsga olingan. Ungacha esa ayblanuvchi Federal qidiruv byurosining (FBR) maxfiy agentini energetika kompaniyasining xodimi deb o’ylab, u bilan bir necha marta uchrashgan.

Prokuraturaga ko’ra, Buryakov yana ikki rossiyalik bilan birgalikda AQSh iqtisodiyoti, shu jumladan Moskvaga nisbatan kiritilgan sanksiyalarga oid ma’lumotlarni to’plagan. U Nyu-York ahlini Rossiya razvedka xizmati bilan hamkorlik qilishga undaganlikda ham ayblanmoqda.

FBR agenti Buryakovga energetikaga oid ma’lumotlar to’plangan papkani bergan. Papkada jajji mikrofon o’rnatilgan bo’lib, FBR xodimlari Buryakovning hamkasblari va agentlari bilan suhbatlarini yozib olgan.

O’sha audio yozuvlardan ma’lum bo’lishicha, Buryakov Rossiya Tashqi razvedka xizmatidan muntazam ravishda ko'rsatmalar olib turgan va to’plangan ma’lumotlarni Moskvaga uzatgan.

Uning sheriklari ekani aytilayotgan Igor Sporishev va Viktor Podobniy diplomatik daxlsizlikka egaligi sababli hibsga olinmagan. Sporishev Rossiya Savdo palatasida vakil, Podobniy esa Rossiyaning BMTdagi vakolatxonasida maslahatchi bo’lib ishlagan. Ikkovi AQShdan chiqib ketgan.

2010-yilda Nyu-Yorkda Rossiyaning 10 nafar agenti hibsga olinib, barchasi aybiga iqror bo’lgan, so’ngra Rossiya bilan mahbuslar almashinuvi oqibatida vataniga jo’natib yuborilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG