Breaking News

Suriya yuzasidan Rossiya va AQSh o'rtasida ziddiyat kuchaymoqda


Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (chapda) va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriyadagi vaziyat yuzasidan jurnalistlarga ma'lumot bermoqda, Nyu-York, AQSh, 30-sentabr, 2015-yil.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (chapda) va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriyadagi vaziyat yuzasidan jurnalistlarga ma'lumot bermoqda, Nyu-York, AQSh, 30-sentabr, 2015-yil.

Rossiyaning Suriyadagi havo hujumlari davom etar ekan, Moskva va Vashington rasmiylari o'zaro ixtiloflarning oldini olish maqsadida muloqot o'tkazmoqda. Ayni paytda Prezident Vladimir Putin Parijda Fransiya rahbari Fransua Olland bilan Suriya mojarosini muhokama qilishi kutilyapti. Rossiya "Islomiy davlat"ni emas, Assad rejimiga qarshi mo'tadil muxolifat manzillarini nishonga olayotgani haqida xavotirlar kuchaygan. Hims va Hamo shaharlarida 40 dan ziyod odam, jumladan, suriyalik turkmanlar o'lgani ma'lum.

Suriyada mo'tadil muxolifat manzillari nishonga olingani ma'lum bo'lgach, Pentagon xavotirini izhor qildi.

"Ular shu paytgacha qayerlarni nishonga olgani va bu ularning IShIDni mag'lub etish haqidagi maqsadlariga mos kelmayotgani yuzasidan tashvishlarimizni bildirdik", - dedi Pentagon matbuot kotibi Piter Kuk.

"Agar Rossiya IShIDga qarshi chin dildan kurashmoqchi bo'lsa, AQSh yetakchiligidagi 65 davlat a'zo koalitsiyaga hissa qo'shishi mumkin", - deydi Oq uy soz'lovchisi Jon Ernest.

Rossiya Suriyada "Islomiy davlat" bilan birga boshqa terror guruhlarini ham nishonga olayotganini shunday izohlaydi:

"Terrorchiga o'xshasa, terrorchi kabi harakatlansa va terrorchidek urushsa, u terrorchi bo'ladi, shunday emasmi?", - deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Rossiyaning Suriyada amalga oshirayotgan havo zarbalari va turli guruhlar nazoratidagi hududlar xaritasi
Rossiyaning Suriyada amalga oshirayotgan havo zarbalari va turli guruhlar nazoratidagi hududlar xaritasi


"Islomiy davlat"ni barcha terrorchi guruh deb hisoblasa-da, ushbu jangarilarga qarshi kurashayotgan ayrim guruhlar koalitsiya nazarida terrorchi emas. Lekin Suriya hukumati ularni ham terror uyushmalari deb biladi.

"Suriyaning siyosiy kelajagi uchun mo'tadil muxolifat muhim ekanini ma'lum qilganmiz. Bu mo'tadil Suriya muxolifatiga zarar yetkazuvchi har qanday ish Suriyadagi siyosiy o'zgarish jarayoniga salbiy ta'sir qiladi", - deydi Kuk.

Koalitsiya AQSh homiyligida tayyorgarlikdan o'tgan kuchlarga havodan yordam ko'rsatishda davom etishini bildirdi.

"Maqsadimiz "Islomiy davlat"ni mag'lub etish. Bizning Yangi Suriya qo'shinlaridagi askarlarning maqsadi ham shu. Biz ularga havo zarbarlari orqali yordam beramiz", - deydi koalitsiya so'zlovchisi polkovnik Stiv Uorren.

Ammo AQSh treningidan o'tgan guruhlarning rossiyaliklar hujumiga uchrashi ehtimoli mavjud ekan, koalitsiyaning xavotiri kuchaygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG