21-fevral kuni Suriyada to'qnashuvlarni to'xtatish bo'yicha sulh shartlariga kelishib olgan AQSh va Rossiya endi mojaroda qatnashayotgan tomonlarni taklifni qabul qilishga ko’ndirmoqda.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriyadagi muxolif koalitsiya, ularga yordam berayotgan Saudiya Arabistoni va Turkiya bilan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Suriya hukumati va uni qo’llab-quvvatlayotgan Eron bilan shu haqda gaplashmoqda.
"Haqiqat shuki, yutuqlar bor. Sulh shartlariga kelishildi, gumanitar yordam muhtoj rayonlarga yetkazilmoqda," - deydi Kerri.
Suriya Prezidenti Bashar Assad harbiy harakatlarni to’xtatishga tayyormiz, ammo terrorchilar sulhdan ahvolini yaxshilash uchun foydalanayotgan bo’lmasin, deydi.
Sulh haqida muloqot kechayotgan bir paytda zo’ravonliklar davom etmoqda. Yakshanba kuni "Islomiy davlat" jangari guruhi xurujlari oqibatida Damashqda kamida 83, Himsda esa 59 odam o’lgan.
AQSh bu xurujlarni keskin qoralab bayonot chiqardi. O'z navbatida Rossiya ham hujumlar tinchlik muloqotini to'xtatishga qaratilgani haqida ma'lum qildi.
AQSh Davlat departamenti barcha tomonlarni, xususan, Suriya rejimi va uni qo'llab-quvvatlayotganlarni to'qnashuvlardan tiyilishga chaqirib, bu sulhga erishish uchun muhim ekanini qayd etdi.