Dushanba kuni (10-yanvar) AQSh va Rossiya diplomatlari Jenevada Moskvaning xavfsizlik kafolatlari bo’yicha takliflarini muhokama qiladi.
Muzokaralarda AQSh davlat kotibining o’rinbosari Vendi Sherman va Rossiya tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Sergey Ryabkov yetakchiligidagi delegatsiyalar qatnashadi.
Moskva NATOdan Sharqiy Yevropada qo’shinlarini qisqartirishni, Ukrainani alyansga qabul qilmaslikni talab qilmoqda. Biroq AQSh va NATO bu talablarni qondirishga tayyor emas.
“Bu o’ziga yarasha o’yin sxemasining bir qismi bo’lib, ro’yxatga bajarilmas talablar qo’yiladi, so’ng qarshi taraf ularni bajarmayotgani haqida e’tiroz bildiriladi, keyin esa bu agressiv harakat uchun sabab deya ko’rsatiladi. Rossiya talablarining qondirilmasligini juda yaxshi biladi, ammo muloqot uchun boshqa sohalar va mavzular ham bor, gaplashamiz, barchaning xavfsizligini yaxshilash uchun nimalar qilish kerakligini muhokama qilamiz”, - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Rossiya AQSh va G’arb da’vo qilganidek Ukrainaga hujum qilish rejasi yo’qligini bildirarkan, NATOning kengayishini o’z xavfsizligiga tahdid deb biladi.
"1990-yillarda bizga “bir qarich ham sharq tomon kengaymaymiz” deyishgan. Keyin nima bo’ldi? Bizni aldashdi. Uyalmasdan aldashdi”, - deydi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin.
Muzokaralarning birinchi davrasi tomonlarning e’tirozlarini bildirish bilan cheklanib, Ukraina masalasida aniqlik oydinlashishini kutmaslik kerak.
“Ukraina masalasiga kelganda Prezident Putinning xayolida nimalar borligini hech kim bilmaydi. Nazarimda, Bayden ma’muriyati siyosatni muvofiqlashtirish uchun, Rossiya oldingiga qaraganda ancha qattiq sanksiyalar bilan yuzlashishini bildirish uchun ittifoqchilar bilan gaplashib, ularning xayrixohligiga erishgani to’g’ri bo’ldi”, - deydi AQShning Rossiya va Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Tefft.
Putin Ukraina bilan mashg’ul bo’lib turgan bir paytda qo’shni Qozog’istonda hukumatga qarshi namoyishlar boshlanib, shu kunga qadar 100 dan ziyod odam nobud bo’ldi.
Qozog’iston rahbarining iltimosiga ko’ra Kreml Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida yordam tariqasida qo’shin yubordi.
“Yaqin tarixdan olingan bir saboq shuki, ruslar uyingizga bir kirib olsa, ularni chiqarish oson bo’lmaydi”, - deydi Blinken.
Oq uy Rossiya bilan muzokaralardan oldin AQSh Sharqiy Yevropadagi askarlarini olib chiqish ustida o’ylanayotgani haqidagi xabarlarni inkor etdi.
Jenevadagi muloqotdan so’ng Rossiya 12-yanvar kuni Bryusselda NATO bilan ham gaplashadi. So’ng 13-yanvar kuni Venada AQSh, NATO, Rossiya, Ukraina va boshqa sobiq sovet mamlakatlari vakillari kengaytirilgan tartibda uchrashadi.
Aytish joiz, ham AQSh, ham Rossiya diplomatlarining muloqotdan umidi katta emas. Tomonlar nazarida, muloqot ziddiyatlarni yumshatmaydi.
“Ukraina boshiga qurol niqtalib turgan bir paytda muloqotda biror yutuqqa erishish qiyin”, - dedi Blinken.
Unga ko’ra, AQSh Rossiyaning Markaziy va Sharqiy Yevropadagi NATO harbiy mashg’ulotlariga doir tashvishlariga quloq solish bil bir paytda unga Ukraina chegarasida to’planib turgan rus qo’shinlari xususida ham savollar beradi.
Rossiyaning “RIA” axborot agentligi Sergey Ryabkov so’zlariga ishora qilarkan, muloqot birinchi uchrashuvdayoq uzilib qolishi mumkin.
"Hech narsani hisobdan chiqara olmayman. Shunday ssenariy ehtimoli mavjud. Amerikaliklar buni bilib qo’ygani yaxshi. Bosim ostida yon berish niyatimiz yo’q. Muzokaralardan oldin g’arbiy hamkorlardan muntazam ravishda tahdidlarni eshityapmiz”, - degan Ryabkov “RIA”ga.
Facebook Forum