AQSh generali Jozef Danfordga ko'ra, Rossiya va Xitoy Amerika xavfsizligiga tahdid solayotgan mamlakatlardir.
"Rossiyaning xatti-harakatlari xavotirga molik", - dedi Danford Senatning Qurolli kuchlar qo'mitasida so'zlar ekan.
Qo'shma Shtatlar Ukrainaga og'ir qurollar uzatishi kerakmi degan savolga, Danford harbiy nuqtai-nazardan bu to'g'ri bo'ladi, deb javob berdi.
"Bunday ko'maksiz, Ukraina Rossiya agressiyasidan o'zini himoya qila olmaydi", - deydi u.
Jozef Danford AQSh Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari etib tayinlanishi kutilmoqda. Senatda o'tgan tinglovda qonunchilar uni milliy xavfsizlik va mudofaa masalalarida savolga tutdi.
Senat qo'mitasi raisi Jon Makkeynga ko'ra, Rossiya Ukrainaning ichki ishlariga aralashishda davom etmoqda. "Ular Ukrainaga qarshi harbiy kampaniya olib borayotganini bila turib, Qo'shma Shtatlar haligicha Ukrainaga qurol jo'natgani yo'q", - deydi u.
G'arb va Rossiya orasidagi bugungi munosabatlar sovuq urush davriga qiyoslanadi. Qrim yarimorolini o'ziga qo'shib olgani uchun Rossiyaning bir qancha sanoatlari AQSh va Yevropaning sanksiyalariga uchragan.
Senatorlar bilan savol-javob paytida general Jozef Danford Xitoyni Amerika xavfsizligi uchun Rossiyadan keyin ikkinchi eng katta tahdid deya ta'rifladi. Ammo, deydi u, Xitoy bizga dushman emas.