5-noyabr kuni AQShning Eronga qarshi sanksiyalari yangidan kuchga kirishi kutilar ekan, Vashington islomiy respublikadan neft sotib olgan mamlakatlar va kompaniyalar jazolanishini ma'lum qilgan. Biroq AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, ayrim mamlakatlar jazo choralaridan vaqtincha mustasno bo'ladi.
Prezident Donald Tramp 2015-yil yozida bir necha mamlakat va Eron o'rtasida imzolangan xalqaro bitimdan shu yil boshida chiqib, Tehrondan olib tashlangan sanksiyalar tiklanishi haqida ma'lum qilgan edi. Yangi tartibni buzgan, ya'ni Erondan neft sotib olgan mamlakatlarga nisbatan AQSh moliyaviy sanksiyalari qo'llaniladi, agar ular bundan mustasno bo'lmasa.
Pompeo qanday davlatlarga imtiyoz berilishi haqida hozircha ma'lum qilgani yo'q.
"Sakkiz mamlakatga vaqtincha imtiyoz beriladi, chunki bu davlatlarda xom neft miqdori keskin tushib ketgan. Bundan tashqari, ular ko'p masalalarda AQSh bilan hamkorlik qilmoqda, xom neftni import qilmaslik yo'lida qator muhim qadamlar qo'yishgan", - deydi u.
"Blumberg" (Bloomberg) axborot agentligi Janubiy Koreya, Yaponiya va Hindistonni tilga oldi. Pompeoning aytishicha, Yevropa Ittifoqi AQSh sanksiyalariga rioya qilish majburiyatidan ozod etilmaydi.
"Imtiyoz berilishi kutilayotgan sakkiz davlatdan ikkitasi Erondan umuman neft sotib olmasligini, qolgan olti mamlakat import hajmini keskin qisqartirishini bildirdi", - dedi AQSh davlat kotibi.
Tramp sobiq prezident Barak Obama ma'muriyati ishtirokida imzolangan yadroviy bitimdan qoniqmasligini aytib keladi. Unga ko'ra, bitimni yangilash zarur, biroq hujjatni imzolagan Eron, Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi davlatlari bu taklifga qarshi chiqdi.
Tramp nazarida, Amerika sanksiylari Eronni yadro dasturini tugatishga hamda AQShning Yaqin Sharqdagi g'animlariga yordamini to'xtatishga majburlaydigan maksimal bosim kampaniyasidir. Pompeo bunday kampaniya natija berayotganini aytadi.
"Bizning maksimal bosimimiz natijasida Eron pul birligi riyol qadri keskin tushib ketdi, (Prezident Hasan) Ruhoniyning mahkamasi umidsizlangan, Eron xalqi poraxo'r va ikkiyuzlamachi rejimga qarshi noroziligini borgan sari qattiqroq ifoda etmoqda", - deydi Pompeo.
AQSh Moliya vaziri Stiv Mnuchinning aytishicha, 5-noyabr kuni Qo'shma Shtatlar Eronning turli sanoatlarga aloqador subyektlariga sanksiyalarni kengaytiradi.
"Eron yadro dasturi bo'yicha imzolangan xalqaro bitim asosida sanksiyalardan ozod etilgan yuzlab subyektlarga nisbatan sanksiyalar tiklanadi, sanksiyalar ro'yxatiga 300 dan ziyod yangi subyektlar kiritiladi", - dedi vazir Mnuchin.
Tramp ma'muriyati Eronni SWIFT xalqaro bank tizimidan butunlay chetlashtirish taklifini ham muhokama qilgan, ammo bunday qarorga kelmadi.
Facebook Forum