Breaking News

AQSh Myanmaga sanksiya qo'yish arafasida


Myanmada 1-fevraldagi harbiy to’ntarish ketidan Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga qo’shimcha sanksiya qo’ymoqda. Jo Bayden ma’muriyati demokratiyani himoya qilishi haqida bong urarkan, Xitoyning mintaqadagi ta’sirini cheklashga intilmoqda.

Xalqaro hayot – 11-fevral, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:14 0:00

AQSh 2019-yilda Myanmadagi qator harbiylarni roxinja elatiga mansub ozchilikdagi guruh vakillariga qarshi qatliom uchun qora ro’yxatga qo’shgan edi.

Bayden davlat to’ntarishi ortida turgan harbiylar nishonga olinishini, Myanma eksporti cheklanishini bildirib, bu mamlakat fuqarolik jamiyati faollariga, Myanma xalqiga bevosita foyda keltiruvchi sog’liqni saqlash tizimi va boshqa sohalarda yordam berilishini aytdi.

AQSh Myanma bilan cheklangan ravishda savdo qilarkan va harbiylarning bir qismi allaqachon Amerika qora ro’yxatida ekan, Vashingtonning bu mamlakatga ta’siri cheklangan.

Biroq Gregori Poling kabi ba’zi tahlilchilarning aytishicha, AQSh Myanma bilan savdo aloqalari ancha faol Yaponiya va boshqa mamlakatlar bilan gaplashib, Myanma iqtisodiyotini cheklashga urinishi va buning natijasida Myanma rahbarlarini hozirgi yo’ldan qaytarishga ko’ndirib ko’rishi mumkin.

Yaponiya, Hindiston, ASEAN davlatlari bu masalada AQSh bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirmoqda.

“AQSh davomiy muloqot orqali, Myanmani yakkalantirmasdan konstruktiv rol o’ynashi mumkin”, - deydi singapurlik tahlilchi Tay Vey Lim.

Qo’shma Shtatlar Xitoyning mintaqadagi ta’sirini kamaytirish bilan bir qatorda nafaqat Myanmani, balki Osiyoning demokratiya yo’lidan chekinayotgani aytilayotgan Bruney, Vyetnam, Laos, Kambodja va Filippin kabi mamlakatlarini ham to’g’ri yo’lga solishi oson bo’lmaydi, deydi ayrim kuzatuvchilar.

“Qarmoqni uzun tashlab qo’yib, ayrim masalalarda yon berib, bizga yoqmagan tuzumlar bilan muloqotni ushlab turish qo’limizdan keladimi? Xitoy bilan raqobatda o’z tamoyillarimizdan voz kechib, shu bilan birga, bu raqobatning mafkuraviy ekanini da’vo qila olamizmi?” - deydi Vashingtondagi Vudro Vilson tahlil markazidan Robert Deyli.

AQSh rasmiylari har ikki partiya qonunchilari Myanmaga sanksiya qo’yish masalasida hamfikr ekanini aytarkan, Amerika ham o’z kamchiliklarini bartaraf etishi kerakligini tan olishadi.

“Mamlakatimizni birlashtirib, demokratik poydevorimizni, birligimizni kuchaytirishimiz kerak, shundagina Prezident Bayden aytganidek, xorijda ham samarali ish olib bora olamiz”, - deydi milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.

Myanmada bugun ham harbiylarga qarshi namoyishlar kuzatilgan. Xususan, mamlakatdagi turli elat vakillari birlashib, ko’chaga chiqdi. Ular hibsga olingan rahbarlar Au San Su Chi va Vin Myintni ozod etishga chaqirmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Myanma poytaxti Neypidodagi idorasi yonida ham odamlar to’planib, tashkilotdan davlat to’ntarishiga qo’l urgan harbiylarga qarshi jiddiy jazo choralari ko’rishni so’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG