Breaking News

Hujjatsiz muhojirlarga boshpana berayotgan cherkovlar


Cherkovda boshpana topgan hujjatsiz muhojir Amanda Morales
Cherkovda boshpana topgan hujjatsiz muhojir Amanda Morales

Hujjatsiz muhojir Roza Gutierrez Lopez immigratsiya organlarining qarori bilan o’tgan yilning dekabrida AQShni tark etishi kerak edi. Ayolning Amerikada tug’ilgan uch farzandi bor. U vatani Salvadorga deportatsiya bo’lmaslik uchun Merilend shtatidagi cherkovdan boshpana so’radi. Tramp prezidentligi davrida bunday voqealar ko’p kuzatilmoqda.

Merilendning Besezda shahridagi “Cedar Lane” cherkovi o’zini liberal deb ta’riflaydi, ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan dasturlari bor. Salvadorlik hujjatsiz ayolga boshpana bergan.

Roza Gutierrez Lopezni AQShdan haydashayotgan edi.

“Amerikada qolib, farzandlarim uchun kurashishni xohlayman. Daun sindromi bilan tug’ilgan o’g’lim bor, unga yordam kerak”, - deydi u.

Cherkov o’tgan yil dekabrda Lopezni o’z himoyasiga olgan. Immigratsiya xizmatiga ko’ra, ayol Qo’shma Shtatlarni tark etishi kerak.

Roza Gutierrez
Roza Gutierrez

Uning AQShda tug’ilgan uch farzandi bor. Vatanim Salvador jinoyatchilik o’chog’i, qayta olmayman, deydi u. Lopezning oyog’ida kuzatuv moslamasi taqilgan. Cherkovdan chiqa olmasligimni faqat qizim tushunadi, deydi ayol.

“Daun sindromli o’g’lim bu ahvolda ekanimni bilmaydi. To’qqiz yoshli o’g’lim cherkovda yashayotganimni biladi, lekin sababini tushunmaydi. 11 yoshli qizim esa hamma narsadan xabardor. Oyi, sizni sog’indik, uyga keling, yonimizda bo’ling, deb aytadi. Lekin cherkovdan chiqsam, immigratsiya xizmati meni ushlab deportatsiya qiladi”.

Advokat Hektor Perez Kasiyas deydiki:

“Salvadorda Lopez va farzandlarining hayoti xavf ostida bo’ladi. Jinoiy guruhlar biladiki, bu ayol uzoq vaqt AQShda bo’lgan. Bu mamlakatda tug’ilgan farzandlari bor. Ulardan biri kasal ekani oilani yanada og’ir ahvolga qo’yadi”.

Qo’shma Shtatlar bo’ylab kamida 50 odam Lopez kabi cherkovlarda yashayotgani ma’lum. Tramp prezidentlikka kelganidan beri bu raqam o’sib boryapti. Immigrantlarga boshpana taklif etayotgan diniy jamoalar soni 2017-yilda 400 ta edi, hozirgi kunda 1100 ga yetgan.

Hukumatning immigratsion siyosati natijasi bu, deydi gumanitar diniy tashkilot xodimi Noel Andersen.

“Odamlarni insoniylik qiyofasidan mahrum qilishyapti. Cherkovlar esa yordamga tayyor, chunki barchamiz Xudoning bandalarimiz”, - deydi Andersen.

Cherkovlarda reyd o’tkaziladi degan qo’rquv bor, ammo hozircha immigratsiya organlari ibodatxonalar, maktablar va kasalxonalarga kirmaslik to’g’risidagi qoidalarga amal qilmoqda.

Immigratsiya tadqiqotlari markazidan Stiven Kamarota fikricha, AQSh hammaga boshpana beravermasligi kerak.

“Yaxshi odam ekan, shu kishi uchun istisno qilsak bo’lmaydimi, Amerikada qolib yashasin, degan xayolga boramiz ba’zida. Hammamiz tushunamiz bunday vaziyatlarni. Ammo qonunlarni shu tariqa egaverishdan hujjatsizlar soni hozirgi sur’atga chiqdi”, - deydi u.

“Cedar Lane” cherkovi muhtojlarga yordam beradi.

“Roza biz bilan bog’lanib, boshidan o’tganlarini aytib berdi. Unga yordam berishga qaror qildik. Ishi sud orqali hal bo’lgunga qadar cherkovimizdan unga joy berdik”, - deydi ruhoniy Abhi Janamanchi.

Immigratsiya ishlari sudda uzoq vaqt oladi. Roza Lopez bu cherkovda ikki yilgacha qolib ketishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG