AQSh Senati terrorizm va boshqa ayblovlar bilan qo'lga olingan mahbuslarni tergov davomida qiynashni taqiqlovchi qonun qabul qildi.
Shu paytgacha huquq-tartibot organi xodimlari "kengaytirilgan tergov usullari" nomi ostida ayrim qiynoq usullarini qo'llab kelgani ma'lum. Bu choralarni taqiqlagan Prezident Barak Obamaning farmoni endi rasman federal qonunga aylandi.
O'tgan yili Senat Razvedka qo'mitasi e'lon qilgan hisobotda terrorga qarshi urush amaliyotlarida qo'lga tushgan mahbuslar suvga dimiqtirish, majburlab ovqatlantirish kabi qiynoq usullari bilan tergov qilingani fosh etilgan edi. Shundan beri bunday choralarga chek qo'yish haqida jamoatchilikning hukumatga bosimi oshdi.
Qonun loyihasi Senat qo'mitasidagi yetakchi demokrat Dayen Faynstayn tomonidan tayyorlandi. U Pentagondan tortib Markaziy Razvedka agentligigacha bo'lgan barcha AQSh idoralariga Armiya amaliyot qo'llanmasida ruxsat etilgan tergov usullaridan foydalanishni cheklaydi.
"AQSh hech bir holatda va aldov yo'li bilan hech kimni qiynoqqa tutmaydi. Bu bizning eng muhim qadriyatimiz. Endi o'tmishdagi xatolar aslo takrorlanmasligini ta'minlashimiz kerak", - deydi senator Faynstayn.
Yangi tartib kuchga kirishidan oldin prezident tasdig'idan o'tishi kerak. O'zgarishlar Mudofaa faoliyati va xarajatlariga oid katta bir qonunning bir qismi sifatida taqdim etilgan. Obama uning ayrim bandlaridan noroziligi bois veto huquqidan foydalanishi ehtimoli bor.