Breaking News

AQSh Senati Trampni Eronga zarba berish imkonidan ayira olmadi


Vashington va Tehron o’rtasidagi taranglik kuchayishda davom etarkan, AQSh Senatining Prezident Trampga Eronga qarshi harbiy kuch qo’llashga bilvosita yo’l ochuvchi harakati Oq uyning bu masaladagi pozitsiyasini mustahkamladi. Muxolif senatorlarning Eronga qarshi har qanday harbiy chora uchun prezidentni Kongressdan ruxsat olishga majburlovchi qarori yetarlicha ovoz ololmadi.

Oq uy 29-iyun kuni Senatda bo’lgan jarayonni g’alaba sifatida ko’rmoqda. Bu bilan Senat Eron Ormuz bo’g’ozida AQShga qarashli dronni urib tushirgani uchun Tramp ma’muriyatiga islomiy respublikaga qarshi harbiy kuch qo’llashga ruxsat bermagan bo’lsa-da, prezidentning Eronga qarshi vakolatlarini cheklovchi harakat ham tasdiqdan o’tmadi.

Demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumerning aytishicha, urushni boshlash yoki boshlamaslik qarori Kongress zimmasida bo’lishi kerak.

“Biz taklif etgan tuzatish Kongress Eronga qarshi ruxsat bermagan urushning oldini olishga qaratilgan. Agar prezident va uning atrofidagilar Eronga qarshi harbiy cho’ra ko’rishni lozim topsa, keling, avval masalani muhokama qilib, so’ng ovozga qo’yaylik”, - deydi yana bir demokrat qonunchi Tom Yudal.

Choraga qarshilar tuzatish Tehronga dalda bergan bo’lardi, deydi.

“Bu taklif o’z ichiga qat’iyatsizlikni, zaiflikni, ikkilanishni olgan. Uni targ’ib etayotganlar xorijiy bir davlat uchog’imiz va harbiylarimizni nishonga olayotgan bir paytda o’zlariga manzur bo’lmagan oliy qo’mondonning qo’llarini bog’lab qo’ymoqchi”, - deydi respublikachi senator Tom Kotton.

“Eron Amerika samolyotini urish tushirsayu, Senat Eronni jazolashga qaratilgan harbiy harakatni cheklab qo’ysa. Aql bovar qilmaydi”, - deydi yana bir senator Mitt Romni.

Ayrim respublikchilar Trampning Eronga nisbatan bosiqligiga ham e’tibor qaratmoqda. Dron urib tushirilishi ketidan javob hujumini bekor qilgan prezident harbiy chora o’rniga Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirdi, Yaqin Sharqqa qo’shimcha harbiy texnika va askar safarbar etdi.

Biroq bu demokratlarni kifoyalantirgani yo’q.

“Amerika xalqi tashvishda va bunga yetarlicha sabab bor. Prezident urush boshlashga qarshi bo’lsa-da, Yaqin Sharqdagi kichik provokatsiyalar vaziyatni izdan chiqarishi mumkin. Afsuski, mamlakatimiz boshidan bu bir necha bor o’tgan”, - deydi Shumer.

Kongress 2001-yilda Afg’onistonda Tolibonga qarshi urushga, so’ng bir yildan keyin Iroqqa qarshi urushga ruxsat bergan edi. Shundan beri Kongress bu vakolatidan foydalanmagan.

“Tuzatishga qarshi ovoz berganlar prezidentga o’z xohishiga ko’ra dunyoning istalgan joyida istalgan mamlakatga qarshi urush e’lon qilish vakolatini bermoqda. Bu yoki boshqa prezidentga bunday vakolatni berib bo’lmaydi”, - dedi demokrat Tim Keyn.

Boshqalar nazarida, mamlakat uchun qaltis bir davrda Kongress prezident qanotini kesmasligi kerak.

“Mamlakatda 535 ta emas, bitta oliy qo’mondon bo’lishi kerak”, - deydi senator Kotton.

Tramp Eron AQSh mulkiga hujum qilsa, katta qarshilikka uchrashi, hatto yo’q qilinishi haqida bir necha bor ogohlantirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG