Breaking News

Vashington Xitoy harakatlarini sharhlamayapti


Jen Psaki, AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi
Jen Psaki, AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi
AQSh rasmiylari Pekinning Janubiy Xitoy dengizida to’rtta yangi neft burg’isini o’rnatish haqidagi qarori yuzasidan hozircha fikr bildirmasligini ma’lum qildi. Bundan ikki oy oldin Vyetnamga qarashli suvlarda neft qazish inshootlarini o’rnatgan Pekin endi dengiz hududidagi boshqa qo’shnilariga nisbatan ham shunday siyosat yuritishga urinayotgan ko’rinadi.
Yaqinda rasmiy Pekin Janubiy Xitoy dengizida yana to’rtta neft burg’isini o’rnatish niyatida ekanini bildirdi. Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, ular Xitoyning Guandun va Xaynan viloyatlari sohili yaqinida joylashtiriladi. Xitoy rasmiylari bu harakatni tabiiy hol sifatida baholab, undan boshqa ma’no qidirishga zarurat yo’qligini ta’kidladi.

O’tgan oy Xitoy Vyetnamga qarashli Parasel orollari yaqinida o’z burg’isini o’rnatib, Vyetnam bilan keskin ziddiyatga borgan edi. Rasmiy Xanoyning g’azablanishi ortidan mamlakatda Xitoyga qarshi nozorilik namoyishlari boshlandi. O’tgan hafta Xanoyda bo’lib o’tgan ikki tomonlama rasmiy muzokaralar natijasiz tugadi.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psakining aytishicha, Pekinning Janubiy Xitoy dengizi hududlarida neft inshootlarini o’rnatayotganidan rasmiy Vashington xabardor.

“Ular qayerda o’rnatilishi haqida hozircha aniq ma’lumot yo’q. Agar burg’ilar nizoli hududlarda qurilsa, albatta, bu jiddiy tashvishlarga olib keladi. Bizning milliy manfaatimiz mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlab qolishdir. Hozirda bu burg’ilar qayerda joylashishi haqida aniq ma’lumot yo’q ekan, xulosa chiqarishdan o’zimizni tiyamiz”, - dedi u.

May oyida AQSh Xitoyning Parasel orollari yaqinida burg’i o’rnatishini provokatsion qadam deya baholab, qoralagan edi.

Janubiy Xitoy dengizidagi hududlar Xitoy, Vyetnam, Tayvan, Filippin, Malayziya va Bruney orasida talash. Pekin dengizning aksariyatini tarixan o’ziga qarashli, deya da’vo qiladi.

Avstraliyaning Yangi Janubiy Uells universiteti professori Karl Teyer Vyetnamda bo’lib o’tgan Pekin-Xanoy uchrashuvlarida qatnashdi. Xitoy qancha ko’p burg’i o’rnatsa, Vyetnamning hudud ustidan nazorati shunchalik kamayadi, deydi u.

“Vyetnamning harbiylashgan bo’limlari va baliqchilik xizmati eng ko’pi bilan to’rtta burg’ini nazorat qila oladi. Vyetnamning kemalari ko’p emas, sohilni qo’riqlovchi kemalardan hammasi bo’lib 40 ta atrofida bo’lsa kerak. Ular Xitoyga qarashli kemalarning yarmisicha ham chiqmaydi. Demak, Vyetnam Xitoyga o’xshab harakat qila olmaydi, chunki kuchlar teng emas”, - deydi tadqiqotchi.

Teyerga ko’ra, Xitoy Parasel orollari yaqinidagi burg’ining tijoriy maqsadlarda o’rnatilgani va faqat 2-maydan 15-avgustgacha, to’fonlar mavsumi oldidan ishlatilishini aytmoqda.

“Burg’i faoliyatini cheklash Xitoyga nizoli vaziyatdan tinchgina chiqib ketish imkonini beradi. Xitoyliklar “tijoriy amaliyot tugadi, endi burg’ini olib tashlaymiz”, deyishi mumkin”, - deydi olim.

15-avgustdan keyin Vyetnam delegatsiyasi Pekinga borib, ikki tomonlama aloqalarni yaxshilashga urinishi mumkin, deydi Teyer. Chunki energetika sohasi mutaxassislariga ko’ra, burg’i gaz topilishi ehtimoli katta bo’lmagan joyda o’rnatilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG