Breaking News

AQSh va Janubiy Koreya qo'shma harbiy mashqlarni boshladi


Qo’shma Shtatlar va Janubiy Koreya shu hafta yillik qo’shma harbiy mashqlarini boshladi. Mashg’ulotlar Janubiy Koreyada Qishki Olimpiya o’yinlari sabab qoldirilgan edi. Shimoliy Koreya bunday harbiy tadbirlarni o’ziga tahdid deb biladi.

May oyida AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi kutilar ekan, AQSh-Janubiy Koreya harbiy mashqlariga butunlay yakun yasash muzokaralar kun tartibidan o’rin olishi mumkin.

Bu yilgi mashg’ulotlarda ham o’tgan yilga o’xshab Amerikaning 23000 va Janubiy Koreyaning 300 ming harbiylari qatnashishi kutilmoqda. Amaliyotlar paytida, asosan, mudofaa usullari mashq qilinishi aytilmoqda. Oldingi tadbirlarda hujumkor elementlar ham bo’lib, Pxenyandagi rahbariyatni hokimiyatdan ag’darishga qaratilgan amaliyotlar ham amalga oshirilgan edi.

AQShning atom bombalarini tashuvchi samolyotlari va avianosetslari bu yilgi mashg’ulotlarga jalb qilinmagan.

Shimoliy Koreya yadroviy va raketa sinovlarini o’tkazish tahdidlaridan o’zini tiyib turgan bir paytda AQSh va Janubiy Koreya Pxenyan asabiga tegmaslik uchun bu yilgi mashg’ulotlar ko’lami va xarakterini susaytirgan. Bundan tashqari, Shimoliy Koreya va AQSh rahbarlarining tarixiy uchrashuvidan oldin siyosiy muhitni buzmaslikka harakat qilinmoqda.

“Shimoliy Koreyani yadroviy harakatlar va dasturlarni susaytirishga ko’ndirish uchun Janubiy Koreya yillik harbiy qo’shma mashg’ulotlar ko’lamini tushirishga yoki tadbirdan butunlay voz kechishga tayyor turishi kerak”, - deydi osiyolik tahlilchi Go Myon Xyun.

Pxenyan bunday mashg’ulotlarni o’ziga qarshi provokatsiya, urushga tayyorgarlik deb biladi. Kommunistik davlat rahbari Kim Chen Un yaqinda Janubiy Koreya vakili bilan ko’rishganda shu mavzuni ko’targan va yadroviy qurolsizlanish shartlaridan biri sifatida Janubiy Koreyadan AQSh qo’shinlarini chiqarishni tilga olgan.

“Shimoliy Koreya mamlakat va undagi hukmron rejimga nisbatan harbiy tahdid bo’lmasa, yadro dasturiga hojat qolmasligini aniq aytgan”, - deydi Janubiy Koreya milliy xavfsizlik maslahatchisi Chun Yu Yon.

AQSh Prezidenti Donald Tramp muzokaralar yordam bermasa, harbiy kuch ishlatishga tayyor ekanini aytgan edi. Biroq may oyiga rejalanayotgan uchrashuvdan oldin Qo’shma Shtatlar Pxenyanga doir bayonotlarini mo’tadilroq darajada ushlab turishga harakat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG