Breaking News

AQSh yana 2500 afg'onga maxsus viza berishi kutilmoqda


AQSh harbiylariga yordam bergan afg'onlar Tolibon xurujiga uchrash xavfi bilan yuzlashmoqda
AQSh harbiylariga yordam bergan afg'onlar Tolibon xurujiga uchrash xavfi bilan yuzlashmoqda

Afg’onistonda Tolibon tobora ko’p hududlarni qo’lga kiritar ekan, Qo’shma Shtatlar bu mamlakatda o’z harbiylari bilan ishlagan minglab afg’onlarga maxsus muhojirlik vizasini bera boshladi. AQSh nazarida, bunday odamlar mamlakatda qolsa, toliblar nishoniga aylanishi mumkin.

Xalqaro hayot – 6-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:28 0:00

32 yashar Ma’suma Delijam me’mor bo’lib, Afg’onistonni 2017-yilda tark etgan. U AQSh moliyalagan taraqqiyot loyihalarida ishlagani uchun Tolibon nishoniga aylanishidan xavotir olgan.

Ana shunday loyihalardan biri poytaxt Kobulda 1990-yillardagi fuqarolar urushida jiddiy zarar ko’rgan Dorul Omon saroyini tiklashga qaratilgan edi. Me’mor ayol boshqa bir loyiha ustida ishlayotganida Tolibon bilan yuzlashishga oz qolganini eslaydi.

“Bir guruh hamkasblarim bilan Qandahorga borgan edim. O’sha loyihaga ham AQSh pul ajratgan edi. Haydovchimiz bir mashina ketimizdan kelayotganini payqab qoldi. Yo’nalishimizni o’zgartirib, afg’on xavfsizlik kuchlariga qo’ng’iroq qildik. Ular kelishi bilan haligi avtomobil g’oyib bo’ldi. Politsiyachilar toliblar bizni qo’lga tushirmoqchi bo’lganini aytdi. Omadimiz bor ekan o’shanda. Qo’lga tushganimizda sog’ qoldirishmasdi”, - deydi ayol.

Delijam turmush o’rtog’i va yosh farzandi bilan Amerikada yangi hayot boshlashga qaror qiladi va unga bunda maxsus muhojirlik vizasi yordam beradi.

Hozir me’mor Vashingtondagi qurilish kompaniyasida ishlaydi.

"Maxsus muhojirlik vizasi AQSh loyihalarida ishlagan odamlarga tinchlikda va xavfsizlikda yashashga imkon beradi. Men bundan unumli foydalandim”, - deydi Delijam.

Tolibon iyun oyida bayonot chiqarib, AQSh kuchlariga yordam bergan afg’onlar qilgan ishidan pushaymon ekanini tan olsa va mamlakatda qolsa, ularga tegmasligini bildirgan.

Biroq Afg’onistondagi vaziyatni o’rganayotgan bir tashkilot hisobicha, 2014-yildan beri bu mamlakatda AQSh qo’shinlariga tarjimonlik qilgan 300 dan ziyod afg’on va ularning oila a’zolari jangari hujumlarida o’lgan.

AQSh askarlari Afg’onistonni tark etarkan, Delijam Kobulda qolgan ota-onasi, aka-opalari salomatligidan xavotirda.

“Amerikada yashayotgan ko’p afg’onlar vujudi bilan bu yerda bo’lsa-da, qalbi va xayoli Afg’onistonda, chunki ko’plarimizning yaqinlarimiz vatanda qolgan. Ular tinch bo’lmas, urush davom etarkan, o’yu-xayolimiz ularda”, - deydi me’mor.

Afg’onistonlik olim Hasan Rizoiyning aytishicha, maxsus muhojirlik vizasidan Afg’onistonga ham, AQShga ham foyda.

"Dastur AQShning Afg’onistondagi hamkorlariga nisbatan ma’naviy mas’uliyatini isbotlaydi. Uning ijtimoiy ahamiyati ham bor. AQShga muhojir sifatida ko’chgan o’n minglab afg’onlar Afg’onistonni yaxshiroq anglashga, o’z tajribalarini u yerdagi odamlar bilan baham ko’rishga imkon beruvchi ulkan ijtimoiy tarmoqqa birlashadi”, - deydi professor.

AQSh hukumatiga ko’ra, maxsus muhojirlik vizasi dasturi orqali 2008-yildan beri 70 ming afg’on Amerikaga ko’chgan.

Ayni damda yana 2500 afg’onning hujjatlari ko’rilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG