Breaking News

AQSh va Tolibon kelishsa, maxsus viza talabgorlarining ahvoli nima bo'ladi?


Janis Shinvari (o'ngdan uchinchi) AQSh maxsus vizasini olgan afg'onlardan
Janis Shinvari (o'ngdan uchinchi) AQSh maxsus vizasini olgan afg'onlardan

AQSh hukumati dasturlarida ishlagan iroqlik va afg’onistonlik tarjimonlar va boshqa turdagi mutaxassislarga Amerikaga kelish uchun maxsus immigrant vizalari joriy etilgan. Bunday odamlar AQSh hukumati bilan hamkorlik qilgani uchun jangarilar nishoniga aylangan. Maxsus viza ular uchun o’ziga yarasha himoyadir. Biroq Qo’shma Shtatlar Afg’onistondan qo’shinlarini olib chiqishni ko’zlar ekan, joriy yil uchun maxsus immigrant vizalari belgilanmagan.

Qo’shma Shtatlar Tolibon harakati bilan tinchlik rejasi xususida muzokara qilar ekan, maxsus immigrant vizalarini kutayotgan 19 ming afg’on tashvishga tushgan. Bu viza dasturi 10 yil oldin joriy etilgan.

Ana shunday viza olishga muyassar bo’lgan afg’onistonlik Janis Shinvariy AQShda “Hech kim qolib ketmaydi” degan tashkilot ochib, Amerikaning Afg’onistondagi harbiylari bilan ishlagan afg’onlarga yordam beradi. Uning aytishicha, Tolibon bilan tinchlik bitimiga erishilsa, bu odamlar hayoti xavf ostida qoladi.

“Toliblar amerikaliklarni o’ldirish uchun AQShga bora olmaydi, ammo Amerika harbiylari bilan ishlagan tarjimonlarni osonlikcha nishonga oladi”, - deydi u.

Iroqlik va afg’on tarjimonlari AQSh maxsus vizasini olish uchun uzoq kutishga majbur. Amerika qo’shinlarini Afg’onistondan chiqarsa, vizaga ariza topshirib qo’yganlar va topshirmoqchi bo’lganlarning ahvoli og’irlashadi.

“Bu insonlar hali ham Afg’onistonda, hali ham xavf bilan yuzlashmoqda. Urush asoratlari hali yo’qolgani yo’q”, - deydi “Tarjimonlar” hujjatli filmi rejissyorlaridan biri Sofiyan Xon.

2014-yildan beri 14500 arizachi maxsus muhojirlik vizasini oldi. Shulardan 3500 tasi o’tgan yili. Tramp ma’muriyati 2019-yil byudjetida Kongress 4000 maxsus viza uchun so’ralgan mablag’ni tasdiqlamaganidan norozi.

Tramp ma’muriyati AQShga sayohat qilayotgan odamlarni sinchkovroq tekshirishga qaratilgan choralarini ikki yil oldin joriy etishi natijasida maxsus viza olgan bir necha afg’on AQShga kiritilmadi.

“Maxsus muhojirlik vizasini olgan odamlarga Amerika ular uchun ochiq ekanini, bu yerda ularni qo’llab-quvvatlashlarini bot-bot aytyapmiz. Ammo, albatta, matbuotda ba’zilarining mamlakatga kira olmasligi haqidagi xabarlar xavotir va tushunmovchiliklarga sabab bo’lmoqda”, - deydi qochqinlarga yordam beruvchi tashkilot vakili Erin Sullivan.

Joriy yilda qancha odamning maxsus viza bilan AQShga kelishi Kongress qo’lida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG