Breaking News

AQSh ayrim shtatlarida karantin yumshamoqda


AQShning ayrim shtatlarida karantin choralari yumshatilib, fitnes markazlar, go’zallik salonlari, restoranlar kabi muhim bo’lmagan bizneslar qayta ochilmoqda. Jorjiya shtati ana shunday joylardan biri. Biznes egalariga ijtimoiy masofa, ish joylarini dezinfeksiya qilish, xizmatchilar tana haroratini o’lchash kabi xavfsizlik choralariga amal qilish buyurilgan.

"Biror xizmat ko’rsatishdan oldin mijozlardan ba’zi qog’ozlarni to’ldirishni so’rab, tana haroratini o’lchayapmiz, qo’llarini yuvishni iltimos qilyapmiz”, - deydi go’zallik saloni egalaridan biri Shennon Stafford.

Jorjiyada koronavirus bilan kasallanish sur’ati tushgani yo’q. Ayrim mutaxassislar bunday sharoitda iqtisodiyotni tiklashga qaratilgan choralar halokatli virus epidemiyasini yanada kuchaytirishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

“Iqtisodiyotni ochish bilan immuniteti past odamlarni virusga yuzlashtirib qo’yyapmiz. Natijada kasallanish sur’ati oshib, kasalxonalar to’lishi, odamlar o’lishi mumkin”, - deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti epidemiologi Jeyson Farli.

Amerikaning ayrim joylarida uyda o’tirishdan charchagan, ishga tashna odamlar norozilik namoyishlari o’tkazmoqda. Biroq ijtimoiy so’rovlar xalqning aksariyati koronavirusga qarshi dori yoki vaksina ishlab chiqarilmagucha bizneslar va odamlarning uyushishiga qo’yilgan cheklovlarni qo’llab-quvvatlamoqda.

Prezident Donald Tramp iqtisodiy faoliyatni tiklash qarorini har bir shtat rahbariyatiga havola qildi. Pandemiya mamlakatda 26 million odamni ishsiz qoldirdi. Hukumat ajratgan moliyaviy yordam ijara haqqini to’lashga, turmush tebratishga yetmayapti.

“Bizneslarni bosqichma-bosqich ochish kerak, aks holda epidemiyaning yangi to’lqini bilan yuzlashamiz”, - deydi Vanderbilt universiteti professori Uilyam Shaffner.

AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazining shtatlarga bergan tavsiyasiga ko’ra, bizneslarni ochishdan oldin virus bilan kasallanish sur’atining tushayotganiga amin bo’lish zarur, so’ng testlarni ko’paytirish kerak.

"Har bir bosiqchdan so’ng vaziyatni ikki hafta kuzatamiz, baholaymiz”, - deydi Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo.

Pandemiya natijasida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va qadoqlovchi korxonalar ham yopilishga majbur bo’lgan. Bu esa o’z navbatida ta’minot zanjirining uzilishiga olib kelib, kamomad va narxlar oshishiga sabab bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG