Breaking News

AQSh Oliy sudidagi bo'sh o'rin uchun kurash boshlandi


AQSh Oliy sudi
AQSh Oliy sudi

AQShda Oliy sud sudyasi Rut Bader Ginzburg 27 yillik faoliyatidan so’ng vafot etishi ketidan Prezident Donald Tramp uning o’rniga yangi sudyani tayinlashini bildirdi. Senatdagi respublikachilar yangi odamning nomzodini tasdiqlashga tayyor ekanini aytmoqda, biroq demokratlar oyog’ini tirab olgan. Ayrim qonunchilar prezident saylovlari o’tishini kutishga chaqirmoqda.

Xalqaro hayot – 21-sentabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:52 0:00

Kongress Vakillar palatasining demokrat spikeri Nensi Pelosi prezidentga yangi odamni Oliy sudga tayinlashda to’sqinlik qilmoqchi.

“Ayrim imkoniyatlarni ishga solamiz. Hozir buni muhokama qilishni istamayman, ammo shunisi ma’lumki, mamlakatimiz katta muammoga yuz tutmoqda. Bu prezident va uning hamtovoqlari o’z bayonotlarida saylov natijalarini tan olmaymiz deb do’q-po’pisa qilishgan. Hozirgi vazifamiz – saylovga bo’lgan ishonchni himoya qilish, Amerika xalqini koronavirusdan himoya qilish”, - dedi spiker.

Pelosining aytishicha, Tramp Oliy sudga yangi sudyani saylovdan oldin tayinlamoqchi bo’lganiga sabab shuki, saylovdan bir hafta o’tib Oliy sudda sobiq prezident Barak Obama paytida qabul qilingan federal tibbiy sug’urta dasturi bo’yicha munozaralar boshlanadi.

“Prezident koronavirusni yengmoqchi emas, u sug’urta dasturini yo’q qilmoqchi”, - deydi Pelosi.

Oliy suddagi 9 sudyaning bir qismi liberal, qolganlari esa konservativ qarashlarga ega. Respublikachilar tarixan konservativ qarashlarga ega sudyalarni qo’llab-quvvatlab kelgan.

“Oliy sud sudyaligiga nomzod faoliyatida uning Konstitutsiya, so’z erkinligi, diniy erkinlik, qurolga egalik qilish huquqlarini qanday himoya qilib kelganiga qaraymiz. Matbuot uni tanqid qilganmi, unga hujum qilganmi va nomzod bu hujumlarga qarshi qattiq turganmi? Shularga qaraymiz”, - dedi respublikachi senator Ted Kruz.

Har ikki partiya vakillari 3-noyabrda bo’ladigan saylov natijalari bo’yicha tortishuv bo’lishini va masala 2000-yilda bo’lgani kabi Oliy sudga oshirilishini taxmin qilarkan, Oliy sudda bo’sh qolgan kursiga kurash qattiq bo’lishi kutilmoqda.

“Saylovdan keyingi tortishuvlarning sudga oshirilish ehtimoli yuqori ekanini hisobga olganda Oliy sud tarkibi saylovgacha to’liq bo’lishi kerak. Bizga aniq hukm chiqara oladigan Oliy sud kerak”, - dedi Kruz.

Bugun Vashingtonda o’nlab odam Oliy sud binosi yonida namoyish qilib, prezident inauguratsiyasi kunigacha Oliy sudga yangi odamni tayinlamaslikka chaqirdi.

Tramp saylov kampaniyasi doirasida Shimoliy Karolinadagi chiqishi paytida nomzodning ayol bo’lishini ma’lum qildi. 3-noyabrda prezident saylovlari bilan bir kunda Kongressga ham saylovlar bo’lishiga qaramay, yangi Kongress 3-yanvardan so’ng ish boshlaydi. Shu sabab hozirgi Senatda ko’pchilikni tashkil etayotgan respublikachilar masalani Yangi yilgacha hal qilishga intiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG