AQSh Mudofaa vazirligining bildirishicha, o'tgan hafta Suriya shimoli-g'arbida Amerika "Jabhat al-Nusra"ning bir necha odamini yo'q qilgan.
Pentagon matbuot kotibi Piter Kukning aytishicha, yakshanba kungi hujum paytida Abu Firas al-Suriy nobud bo'lgan.
1980-yillarda Afg'onistonda Sovet qo'shinlariga qarshi jang qilib tanilgan bu odamning yo'q qilinishi "Al-Nusra fronti"ga qattiq zarbadir, deydi u.
Al-Suriy al-Qoida sobiq rahbari, marhum Osama bin Laden bilan birga ishlagan. Jahon bo'ylab terror hujumlarini rejalab amalga oshirishga mas'ul bo'lgan.
Suriyadagi al-Qoida jangchilari "Al-Nusra fronti" nomi ostida jang qilib keladi.
Tahlilchilar fikricha, al-Suriyning o'limi "Islomiy davlat" kabi qonxo'r to'dalar Iroq va Suriyada kurashni boy berayotgan bir paytda ijobiy xabardir.
Kuni-kecha "Islomiy davlat" Suriyaning Qaryatayn shahridan, sal oldin esa Palmiradan haydab solingan edi. Bu manzillar o'tgan yilning yozidan beri "Islomiy davlat" qo'lida qolayotgan edi.
Pentagon matbuot kotibi, shuningdek, Eron maxsus kuchlari Suriya rahbari Bashar al-Assadga maslahat bilan yordam berayotgani haqidagi xabarlardan hayron emasmiz, deydi.
Eronning "Tasmin" axborot agentligi xabariga ko'ra, Eron Suriyada 65-brigadani safarbar etgan. Bu gaplar rost bo'lsa, Eron piyoda qo'shinlari 1980-yilllardan beri ilk bor chet davlatda kurashga tortilgan bo'ladi.