Breaking News

Kerri: Suriyada kimyoviy qurol qo'llangani - qabihlik


"Tinch fuqarolar ommaviy ravishda qirilgani, ayollar, bolalar, begunoh insonlar kimyoviy qurol qurboniga aylangani ma'naviy qabihlik, dahshatli jinoyatdir".
"Tinch fuqarolar ommaviy ravishda qirilgani, ayollar, bolalar, begunoh insonlar kimyoviy qurol qurboniga aylangani ma'naviy qabihlik, dahshatli jinoyatdir".
Amerika Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Suriya hukumati aholiga qarshi kimyoviy qurol qo'llaganiga doir dalillarni yo'q qilishga urinayapti. O'tgan hafta poytaxt yaqinida fuqarolar ommaviy qirg'in quroli qurboniga aylandi, deydi AQSh bosh diplomati.

300 dan ziyod odamning o'limi uchun javobgar shaxslar javobgarlikka tortilishi shart, deydi Kerri.

Uning so'zlariga ko'ra, Suriyadagi voqea jahon ahlining vijdoni, diyonatini titratishi muqarrar.

"Tinch fuqarolar ommaviy ravishda qirilgani, ayollar, bolalar, begunoh insonlar kimyoviy qurol qurboniga aylangani ma'naviy qabihlik, dahshatli jinoyatdir. Mutlaqo kechirib bo'lmaydigan ish bu", - dedi AQSh diplomati.

Suriya hukumati o'tgan chorshanba sodir etilgan bu hamlaga aloqasi yo'qligini ta'kidlaydi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi nazarida hujumni prezident Bashar al-Assadning raqiblari amalga oshirgan bo'lishi, shu orqali hukumatga qarshi kayfiyatni avj oldirishga urinayotgan bo'lishi mumkin.

Kerri bu bayonotni inkor etar ekan, mamlakat ommaviy qirg'in qurollari ustidan nazorat hamon hukumat qo'lida, deydi. Davlat departamentida so'zlagan Jon Kerrining aytishicha, Obama ma'muriyati faktlar asosida ayblovni olg'a surgan.

"Bu kabi vahimali ko'lamdagi hamlani uydirma deya rad etayotganlar o'z vijdoni, insofiga murojaat qilsin. Haqiqat bilan yuzlashib turibmiz", - deydi AQSh rasmiysi.

Bugun kunduz BMT inspektorlari Damashq yaqinini ko'zdan kechirib, hujumda jabr ko'rganlar bilan uchrashgan. Ommaviy qirg'in quroli qo'llangan hududdan namunalar olib, seshanba kuni manzilni yana tekshirishni rejalayapti. BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, inspektorlar Suriyada bundan e'tiboran kimyoviy yoki biologik aslaha qo'llanishining oldini olishi mumkin.

Jon Kerri fikricha, Suriya hukumati BMT ekspertlariga eshiklarni juda kech ochib berdi. Chorshanbadan beri dalillar yo'q qilib ulgurilgan, rasmiy Damashqqa ishonch yemirilgan, deydi Amerika bosh diplomati.

Prezident Obama ittifoqchilar bilan gaplashib, Suriya rahbariyatiga nisbatan harbiy jazo ko'rish ehtimolini muhokama qilayapti.

Jon Kerrining bayonoti (ingliz tilida):
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG