Breaking News

AQSh Rossiya bilan Suriya masalasini muhokama qilishga rozi


Qo'shma Shtatlar va Rossiya bilan Suriya masalasida to'g'ridan-to'g'ri muloqot qilishi mumkin. Kreml so'nggi haftalarda urush ketayotgan bu davlatga harbiy yordamni oshirmoqda. Agar Suriya hukumati so'rasa, Rossiya qo'shin yuborishga ham tayyor.

Vashington va Kreml bir yildan beri to'xtab qolgan harbiy aloqalarni qayta yo'lga qo'ymoqda. Ikki davlat mudofaa vazirlari telefon orqali suhbatlashgan.

Rossiya "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashayotgan koalitsiyaga qo'shila olmaydi, chunki deya tushuntiradi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, AQSh boshchiligidagi bu koalitsiya noqonuniy bo'lib, yolg'on va soxta ma'lumotlarga asoslanib qurilgan.

Amerika va unga ittifoqchi davlatlar, Lavrov nazarida, Suriya hukumati bilan hamkorlikni rad etmasligi lozim. Prezident Bashar al-Assad terrorizmga qarshi kurashayotgan eng kuchli armiyaga ega, deydi Rossiya tashqi ishlar vaziri.

G'arb davlatlari esa teskari pozitsiyani olg'a suradi. Ya'ni Suriyadagi urush va "Islomiy davlat" guruhi oyoqqa turib olganida aynan Assad rejimi sababchi. Obama ma'muriyatiga ko'ra, Assadga Suriya kelajagida joy yo'q va Rossiya uni dastaklab xato qilayapti.

So'nggi haftalarda Suriyadagi havo bazasiga Rossiya harbiy texnikasi va askarlari yetkazilganini Qo'shma Shtatlar xavotir bilan kuzatib turibdi. Kreml Suriya borasida AQSh bilan muzokara qilish tarafdori.

Davlat kotibi Jon Kerri avvalo Rossiya Suriyada nimalarni ko'zlayotgani haqida to'liq tasavvurga ega bo'lishimiz darkor, deydi. Uning firkicha, maqsad Kreml da'vo qilayotganidek "Islomiy davlat"ga qarshi kurash emas, balki Assadni qo'llab-quvvatlash bo'lsa, mintaqada vaziyat yanada chigallashadi.

Suriya Tashqi ishlar vaziri Volid al-Muallim rus askarlari janglarda qatnashayotgani yo'q, ammo yordam zarur bo'lsa Rossiyadan so'rayveramiz, demoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG