AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo’yicha maslahatchisi Jon Boltonning aytishicha, Turkiya Suriya shimolidagi kurdlarga hujum qilmaslikka so’z bermas ekan, AQSh qo’shinlarini bu hududlardan chiqarmaydi. Qo'shma Shtatlar Turkiya bilan shu haqda shartnoma imzolamoqchi.
Prezident Donald Tramp 19-dekabr kuni Suriyadan qo’shinlar chiqarilishi haqida e’lon qilganidan so’ng mahalliy kurdlar vahimaga tushgan. Kurdlarni terrorchi deb bilgan Turkiya Suriya shimolida ularga qarshi amaliyot rejalanayotganini bildirdi. AQSh kurdlarni o’ziga ittifoqchi va “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi samarali kuch deb biladi. Bolton Turkiyada bo’lib, kurdlar himoyasini kafolatlovchi shartnomaga kelishishga umid qilmoqda.
Ayni damda Suriyada Amerikaning salkam 2000 askari bor. Ba’zilarning xavotir olishicha, ular mamlakatni tark etsa, Turkiya kurdlarga hujum qilishi, Rossiya neftga boy shimoliy hududlarga qo’shin kiritishi, Eron ham bundan foydalanib qolishi, “Islomiy davlat” esa boy berilgan sarhadlarni qayta ishg’ol qilishga urinib ko’rishi mumkin.
Maslahatchilari fikriga quloq solgan Tramp askarlar darrov chiqarilmaydi, deya 19-dekabrdagi bayonotiga tuzatish kiritdi.
“Suriyadan chiqamiz. Jarayon tez kechadi deb aytmaganman. “Islomiy davlat”ni yer tishlatdik”, - dedi Tramp.
Amerikaning bu rejasini muhokama qilish uchun Tramp maslahatchisi Jon Bolton Turkiya va Isroilga yo’l oldi.
“Askarlarimizni Suriyadan chiqarishdan oldin “Islomiy davlat” yengilganiga va qayta oyoqqa tura olmasligiga, Isroil va mintaqadagi boshqa ittifoqchilarimiz tinchi ta’minlanganiga, “Islomiy davlat” va boshqa terrorchi guruhlarga qarshi biz bilan yonma-yon kurashgan taraflar ehtiyojlari qondirilganiga amin bo’lishimiz kerak”, - dedi Bolton.
Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda Suriyada ham, Iroqda ham kurdlarga tayanib ish ko’rgan. AQSh qo’shinlari Suriyani tark etsa, kurdlar Turkiya hujumiga qarshi himoyasiz qoladi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Suriya shimolida harbiy kampaniya boshlashni kechiktirishga rozi bo’ldi, biroq bekor qilish rejasi yo’q.
“Tramp janoblarining qo’ng’irog’i, diplomatik va xavfsizlik idoralar o’rtasidagi aloqalar, amerikaliklarning bayonotlari tufayli sabr qilishga qaror qildik, biroq bu cheksiz davom etmaydi”, - dedi Erdog’an.
Boltonning aytishicha, Turkiya kurdlarga hujum qilmaslikka rozi bo’lganidan keyingina AQSh qo’shinlarini Suriyadan chiqaradi. Qo’shma Shtatlar kurdlarni Suriya hukumati bilan kelishmaslikka chaqirmoqda.
Facebook Forum