Breaking News

AQShni Afg'onistondan haydagan Tolibon diplomatik munosabatlar tarafdori


1989-yil 15-fevralida Afg’onistonga bundan 9 yil oldin kirgan sovet qo’shinlarining so’nggi qismlari tanklarda mamlakatni tark etdi. 3 yildan so’ng mujohidlar Sovet Ittifoqi yordamida hokimiyatga kelgan rahbarni ag’daradi, yana 4 yil o’tib Tolibon hokimiyatga keladi.

Xalqaro hayot – 31-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:57 0:00

2021-yilning 31-avgustida esa 20 yillik harbiy amaliyotdan so’ng AQShning so’nggi askari Afg’onistondan samolyotda chiqib ketdi. Hokimiyat yana Tolibon qo’lida.

So’nggi kunlarda 122 mingga yaqin odam, jumladan 5400 amerikalik, AQSh va hamkor davlatlar askarlari tomonidan evakuatsiya qilindi.

AQShning Afg’onistondagi 20 yillik istilosi o’z nihoyasiga yetdi.

“Harbiy missiya tugadi. Yangi diplomatik missiya boshlandi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

Tolibon xorijiy qo’shinlarning chiqishini mushakbozlik bilan nishonladi.

“Katta armon bilan chiqib ketdik. Ko’p odamlarni chiqara olmadik”, - deydi AQSh Markaziy qo’mondonligi boshlig’i general Frenk Makkenzi.

AQSh diplomatik missiyasini Kobuldan Qatarga ko’chirdi, yaqin kunlarda chiqishga ulgurmagan odamlar evakuatsiya qilinishini bildirdi. Ayrim xabarlarga ko’ra, Afg’onistonda 250 dan kamroq amerikalik qolgan. U Afg’onistondan uchgan so’nggi samolyotda joy yetmagani aytiladi.

Oq uy matbuot kotibi Jennifer Psakining aytishicha, Prezident Jo Bayden qo’shinlarning Afg’onistondan chiqarilganidan afsusda emas. Biroq ayrim qonunchilar Baydenning bu qarori hamda evakuatsiyaning shosha-pisha, tartibsiz amalga oshirilganida davlat rahbari va ma’muriyati a’zolarini ayblamoqda. Yaqin kunlarda ba’zi rasmiylarning iste’foga chiqishi kutilmoqda.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Kobul aeroportida AQSh harbiylari xizmatida bo’lgan itlar qolib ketgan.

AQShning Afg’onistondagi 20 yillik urushida 2400 ga yaqin harbiysi nobud bo’ldi, 2 trillion dollar ko’kka sovurildi, 240 ming afg’onistonlik halok bo’ldi.

Qo’shma Shtatlar al-Qoidani parchalab, Osama bin Ladenni o’ldirishga muvaffaq bo’ldi, biroq Tolibonni mag’lub eta olmadi, xalq manfaatiga xizmat qiladigan, ahil va samarali hukumat yarata olmadi.

Tolibon bugun Kobul aeroportini o’z nazoratiga oldi. Ba’zi xabarlarga ko’ra, AQSh qo’shinlari ketishdan oldin 70 dan ziyod samolyot, o’nlab zirhli texnikani yo’q qilgan, havo mudofaasi tizimini ishdan chiqargan. Biroq bir nechta samolyot, vertolyot va avtomobillar Tolibon qo’liga o’tgani ma’lum.

Tolibon hokimiyatni to’liq qo’lga olishi uchun Panjsher vodiysida ularga qarshi tuzilgan Milliy qarshilik kuchlarini yengishi kerak. Bugun qurolli to’qnashuvlarda 8 tolibning o’lgani xabar qilinmoqda.

Kobulliklarning ayrimlari xorijiy qo’shinlarning chiqib ketganidan xursand, biroq ko’plar Tolibondan iqtisodiyotni tiklab, korrupsiyaga qarshi kurashishni kutmoqda.

"Xorijiy davlatning vatanimizda bo’lishini istamaymiz. Xavfsizlikning ta’minlangani yaxshi, ammo bizga non va suv ham kerak”, - deydi ulardan biri.

"Islomiy Amirlik hukumatidan banklarni ochib, davlat xizmatchilariga ishga qaytishga imkon berishlarini kutib qolamiz. Maosh olmasak, bo’lmaydi. 17-18 kundan beri uyda o’tiribman”, - deydi yana biri.

"Hamma ketib, ish imkoniyatlari kamayib ketdi. Ammo amerikaliklar borligida o’g’rilar ko’p edi. Hozir ular g’oyib bo’ldi, tinchlik qaror topdi”, - deydi Shamsulla ismli bir odam.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohidning aytishicha, harakat AQSh bilan diplomatik aloqa qilish tarafdori.

"Urushga hojat yo’q edi. Ammo AQSh rasmiylari o’shanda kibrga berildi. Qilayotgan ishlarining oxiq-oqibatini o’ylashmadi. Natijasi esa ma’lum – mag’lub bo’lishdi”, - dedi u.

15 kuncha oldin Kobuldagi elchixonasini yopgan Yaponiya ham diplomatlarini Qatarga ko’chirish ustida o’ylanmoqda. Yaponiya Tolibon bilan aloqa qilish uchuh Turkiyada vaqtincha diplomatik idora ochgan.

Tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegining aytishicha, Afg’onistonga uzoq muddatli gumanitar yordam ko’rsatish, Afg’onistonning terrorchilar uchun boshpanaga aylanmasligini ta’minlash Tolibon bilan muloqot talab qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG