Breaking News

AQSh Yevropa, Kanada va Meksikaga hozircha tarif qo'ymoqchi emas


Prezident Tramp Yevropa, Meksika va Kanada po’lati va alyuminiysi importiga boj to’lovlarini joriy etish qarorini 1-iyungacha kechiktirishga ahd qildi. Ungacha tomonlar muzokara qilib, istisno shartlariga kelishishi mumkin.

Xitoy, Rossiya, Yaponiya va boshqa eksportchi davlatlarga nisbatan tariflar kuchga kirgan, ammo yaqin ittifoqchi davlatlarga 1-maygacha muhlat berilgan edi. Oq uy ma’muriyati ayni damda Argentina, Braziliya va Avstraliya bilan bu borada kelishmoqda.

Tramp qaroriga ko’ra, po’lat importlariga 25 foiz, alyuminiy importlariga esa 10 foiz boj to’lovlari joriy etilgan. Kanada, Meksika, Braziliya va Yevropa Ittifoqi bundan vaqtincha mustasno edi. Bu mahsulotlar AQShga, asosan, Kanadadan keldi. Bosh vazir Jastin Trudoning aytishicha, tariflar ikki mamlakat o’rtasidagi savdo aloqalariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

“Mamlakatlarimiz chegarasi orqali har kuni milliardlab dollarlik tovarlar har ikki tomonga o’tib turadi. Kanada alyuminiysi Amerika qiruvchi samolyotlarini qurishda, po’latimiz esa Amerika zirhli transportini yaratishda qo’llanmoqda. Po’lat va alyuminiy sanoatlarimiz bir-biriga chambarchas bog’liq”, - dedi Kanada rahbari.

AQSh Yevropa Ittifoqi bilan bu sohalarda 10 milliard dollarlik savdo qiladi. Germaniya kansleri Angela Merkelning aytishicha, agar Yevropa tariflardan mustasno bo’lmasa, AQSh va Yevropa o’rtasida savdo urushi boshlanishi mumkin. Germaniyalik moliyachi Robert Galverning aytishicha, Yevropa davlatlari Amerika bozoriga tobelikdan qutulishi kerak.

“Ikkinchi Jahon urushidan so’ng Qo’shma Shtatlar global iqtisodiyot va Yevropa taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan. Ammo u kunlar o’tdi endi. Hozir Amerika o’zini o’ylayapti. Demak, Yevropa ba’zi islohotlarga muhtoj, bu, albatta, oson bo’lmaydi. AQSh tovarlariga tariflarni kamaytirib, ichki iqtisodiyotlarimizni yaxshilashimiz kerak”, - deydi Baader Bank moliyaviy tahlilchisi.

Tramp AQShga foydasi kam xalqaro bitimlardan chiqmoqchi. Shanba kuni Michigan shtatida u shu haqda yana so’zladi.

“Ba’zi shartnomalar bizning foydamizga ishlamayapti”, - dedi Tramp.

AQSh rahbari, ayniqsa, Xitoy bilan savdo nomutanosibligidan norozi. Xitoy AQSh tariflariga javob berishini aytmoqda, ammo Tramp bu mamlakat bilan kelishishga umid qilyapti. Ikki tomonlama savdo aloqalarini muhokama qilish uchun AQShdan yuqori darajali rasmiy delegatsiya payshanba kuni Xitoyga boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG