Breaking News

Oklaxoma qudratli to'fon ostida qolib, o'nlab odam halok bo'lgan


Amerikaning Oklaxoma shtatini kuchli to'fon urib katta hududlarni vayron qilgan. Avvalroq 51 kishi halok bo'lgani aytilgan edi. Rasmiylar keyinroq bu raqamni 24 kishiga tushirgan. Yuzlab odamlar jarohatlangan.

Prezident Barak Obama odamlarni bardam bo'lishga undab, "xalqimiz bardoshli va bu fojiaga ham chidaymiz" deydi.

Dushanba, 20-may kuni, uch kilometr kenglikda va soatiga 320 kilometrda kelgan ofat butun boshli posyolkalarni yer bilan yakson qilgan. Mahallalar tekislikka aylangan.

"Dahshatdamiz, qayerdan keldi bu balo. Qo'shnilarimni vayrona tagida kavlab chiqarayapmiz", - deydi Tomad Ersom, Mur shaharchasi fuqarosi.

O'lganlar orasida o'quvchilar ham bor. To'fon maktab yoki kasalxona tanlamaydi, deydi bu maskanlardan qolgan uyumlar orasida ishlayotgan qidiruvchilar.

Tozalash ishlari avjida ekan, talofat ko'lami daqiqa sayin oshib bormoqda.

Oklaxoma gubernatori Meri Fallin xalqqa hamdardlik bildirib, prezident Barak Obama zarur yordam ko'rsatishga shay ekani, shtat o'zini tiklab olishga qodir ekanini ta'kidlamoqda.

Ikki tomoni okeani bilan o'ralgan mamlakatning markaziy shtatlari tekisliklardan iborat va har bahor to'fonlar bilan yuzlashadi. Ba'zida ona tabiat bu hududlarni ayasa, baz'ida shafqat qilmaydi.

Ko'chalar yopilib qolgan. Elektr tarmoqlari ishdan chiqqan.

Oxirgi marta eng qaqshatqich to'fon Amerikada Missuri shtatida 2011-yilda kuzatilgan edi. Joplin shahrida o'shanda 162 kishi nobud bo'lgan.

Oklaxoma so'nggi bor 1999-yilda bunday fojia bilan yuzlashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG