Breaking News

AQSh Senati erkin savdo kelishuvlari tomon bir qadam qo'ydi


AQSh Senati erkin savdo kelishuvlari tomon bir qadam qo'ydi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00

AQSh Senati erkin savdo kelishuvlari tomon bir qadam qo'ydi

AQSh Senati Prezident Barak Obamaning xalqaro savdo masalalarida muzokara qilish vakolatini kuchaytiruvchi qonun loyihasi muhokamasini to'xtatib, ovozga qo'yishga qaror qildi. Obama Yevropa Ittifoqi va Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar bilan erkin savdoni targ'ib qilib keladi.

Erkin savdoga qarshilar Senat binosi tashqarisida namoyish qildi, ayrimlari esa o'z qonunchilariga qo'ng'iroq qilib, ulardan hujjatni qo'llab-quvvatlamaslikni talab qildi.

“Senator Kunsdan qarshi ovoz berishini so'rayman”, - deydi ulardan biri.

Biroq 60 senator qonun loyihasiga ovoz berishga tayyor ekanini ko'rsatdi.

“Bu juda ham muhim jarayon edi. Mamlakat uchun muhim davr”, - dedi Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonel.

Uning nazarida masala geostrategik ahamiyatga ega.

“Amerika milliy xavfsizligini vatanda kuchaytirish va yetakchi rolini xorijda oshirish yo'lida har ikki partiya vakillari yakdillik ko'rsatdi. Eng tez rivojlanayotgan mintaqa kelajagini Xitoyga berib qo'yishni istamadik”, - dedi qonunchi.

47 respublikachi bilan bir qatorda 13 demokrat-senator ham muhokamani to'xtatishga ovoz berdi. Ron Vayden shular jumlasidan.

“Xorijdagi bozorlarni ochib, eksportimizni oshiraylik. Yo'limizga to'g'anoq bo'layotgan savdo firibgarlari, ayrim davlatlar harakatlariga e'tibor bermay, Amerika mahsulotlari uchun kurashaylik", - dedi u.

Biroq demokrat qonunchi Sherrod Braun nazarida bu puxta o'ylanmagan chora.

“Odamlar ishidan ayriladi. Bu qarorimiz bilan o'z ishchilarimizning orqasiga pichoq uryapmiz”, - dedi senator.

Oq uy erkin savdoni targ'ib qilar ekan, ishchilar huquqlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmalari, ekologik tashkilotlar, Prezident Obama va bir necha demokrat qonunchilarga saylovda g'alaba qilishga yordam bergan koalitsiyaning ayrim a'zolari noroziligiga uchrashi aniq.

Bugungi ovoz berishdan afsusdamiz, deydi namoyishga chiqqanlardan biri.

“Qonunchilar hujjatni pinhona qabul qila olamiz, deb o'ylamasin. Bunga qarshilar ham borligini bilishsin. Jim turmaymiz", - deydi Margaret Flauers ismli bu ayol.

Qonun loyihasi chorshanba kuni Senatda ovozga qo'yiladi. 51 qonunchi uni tasdiqlasa, kifoya. Hujjat o'tgan hafta Vakillar palatasida qabul qilingan. Unga ko'ra, Kongress Yevropa Ittifoqi va Tinch okeani mintaqasi davlatlari bilan erkin savdo bitimlariga ovoz berish vakolatiga ega, xolos, biroq hujjat mazmunini o'zgartira yoki loyihani qo'shimcha muhokamaga yubora olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG