Breaking News

Haydovchiga yordam beradigan yangi texnologiya


Yo'l harakati texnologiyasi/Traffic tech
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:38 0:00

Yo'l harakati texnologiyasi/Traffic tech

Tirband yo’llar katta shaharlarning kasali. Amerikada Los-Anjeles va San-Fransisko haydovchi eng ko’p bezillaydigan shaharlar bo’lsa, poytaxt Vashington bu ro’yxatda birinchi. Rulga o’tirganlarning aksariyati GPS navigatsion tizimidan foydalanishni afzal ko’radi. Los-anjeleslik ikki olim mashinada ketayotgan odamlar hayotini osonlashtiradigan yangi texnologiya kashf etdi.

Los-Anjelesda avtomobil haydovchisi yo’ldagi tiqilinchda yiliga 61 soat vaqtini yo’qotadi.

“Juda asabiylashaman. Tiqilinchda musiqa eshitib, o’zimni chalg’itishga urinaman, vaqtni tezroq o’tkazish kerak-da,” - deydi bir haydovchi.

Professor Sayrus Shahobiy probka – tirband yo’llar nimaligini yaxshi biladi. U ishxonasi, Los-Anjelesdagi Janubiy Kaliforniya Universitetidan 65 kilometr narida yashaydi. Doim kech qoladi.

“Uchrasuv yoki darsga kech qolganimda mashinalar tirband bo’lib ketdi, deb tushuntiraman. Ko’p bo’ladi bunaqasi. Odamlar ishonmasayam kerak”.

Vaholanki, professor GPSdan foydalanadi.

Shahobiy aspiranti Ugur Demiryurek bilan uyali telefon uchun maxsus programma kashf etdi. “ClearPath”, ya’ni “Ochiq yo’l” nomli bu texnologiya boshqalaridan farq qiladi.

“Ilmiy ishim kundalik hayotda qo’l keladi deb hech o’ylamagandim,” - deydi Demiryurek.

“Biz yo’l harakati, ob-havo haqdagi ma’lumotdan foydalanamiz. Bu programma yo’lga chiqqan odamga oldinda nimalar kutayotgani, nimaga tayyor turishi kerakligini aytib beradi,” - tushuntiradi professor Shahobiy.

“ClearPath” ikki yarim yil ichida to’plangan ma’lumotdan va Los-Anjeles bo’ylab o’rnatilgan 9 mingta datchik uzatayotgan raqamlardan foydalanadi. Bu datchiklar avtomobillar tezligi va ularning sonini hisoblab boradi. Avval yuz bergan halokatlar inobatga olinadi va natijada haydovchiga eng qulay, ochiq yo’l topib beriladi. Shahobiy:

“Masalan, yo’lda ketayapsiz, oldingizda halokat yuz bergan. Biroq u joygacha hali 20 daqiqa yurish kerak. Shular hisobga olinadi-da, programma sizga “bu yo’ldan yuravering, halokat joyiga yetib borguningizcha yo’l tozalanadi”, qabilida tavsiya beradi”.

Shahobiy deydiki, “ClearPath” hamma yo’llar, shu jumladan, chekka ko’chalarni ham inobatga oladi. “Google Maps” kabi boshqa programmalar bunday vazifa oldida ojiz.

“Mavjud navigatsion texnologiyalar shossedan ketayotganingizda kichik ko’chalarni ko’rsatmaydi. Faqat manzilga yetay deganingizda chekka yo’llar ham xaritaga tushadi”.

Shahobiy va Demiryurek kashfiyoti ikki oydan so’ng mijozlarga taklif etiladi. Hozircha faqat Los-Anjelesda. Boshqa shtatlar, xorijdagi haydovchilar programmani bir yil kutishi kerak. Chunki hamma shaharlardan ma’lumot to’plash uchun vaqt kerak.

“Tirband yo’llar jihatidan Los-Anjeles eng yomon shahar deb o’ylardim. Aslida bunday muammoga yuz tutgan joylar ko’p ekan. Shanxay, Pekin, Tokio, Singapur, Gonkong…”

Shahobiy yangi texnologiya uchun litsenziya-ruxsatnoma olib, Google va Apple kabi kompaniyalarga taklif qilmoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG