Breaking News

Afg’onistonda Amerika qo'shinlari sonini qisqartirish qarori xatomi?


Qo’shma Shtatlar Iroq va Afg’onistonda qo’shinlari sonini kamaytirishga hozirlik ko’ryapti.

Afg’onistonda Amerika qo'shinlari sonini qisqartirish qarori xatomi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:53 0:00

“15-yanvarga qadar Afg’onistonda 2500 askarimiz qoladi”, - dedi mudofaa vaziri lavozimini vaqtincha bajarayotgan Kris Miller.

Ayni paytda bu mamlakatda 4500 amerikalik harbiy xizmat qilmoqda.

Kongressdagi tinglovda fikr bildirgan amerikalik tahlilchilarga ko’ra, Tramp ma’muriyatining bu rejasi xato.

“Oq uy ma’muriyatining bu qarori muvaffaqiyatsizligimizning sekinroq va qimmatroq ko’rinishidir”, - deydi “Tashqi aloqalar kengashi” tashkilotidan Stiven Biddl.

“Qo’shinlarni chiqarish evaziga biror foyda ko’rayotganimiz yo’q. Tolibon bilan muloqotimiz eng boshidan noto’g’ri bo’lgan, chunki muzokaralarda Afg’oniston hukumati vakillari qatnashmagan. Taslim bo’lish shartlari bo’yicha muzokara qilishayotganini eng boshidan bilishgan”, - deydi AQShning Afg’onistondagi sobiq elchisi Rayan Kroker.

Amerikada 2001-yil 11-sentabridagi xurujlardan so’ng AQSh Afg’onistonda harbiy harakatlar boshlab, Tolibonni hokimiyatdan ag’dardi, biroq 19 yilda guruhni mafkuraviy tomondan yenga olmadi. Amerika xalqi ham uzoq yillik mojarodan charchagan.

“Saylovchilarimiz urushdan charchagan. 19 yilda minglab amerikalik nobud bo’ldi, qanchadan-qanchasi majruh bo’ldi, yuz minglab harbiylarimizning hayoti izdan chiqdi, milliardlab dollar sovurildi. Bas endi. Aksil-terror amaliyotlarga yo’q deyishmas, chunki al-Qoida yana oyoqqa turishini istashmaydi”, - deydi respublikachi kongressmen Bredli Byorn.

Amerikalik tahlilchilarga ko’ra, afg’on hukumati al-Qoidaga qarshi kurashayotgan bir paytda Tolibon bu terror guruhini himoya qilishda davom etmoqda.

“Bu shunchaki aksil-terror masala emas. Hokimiyat ag’darilishining oldini olishimiz kerak. 4500-5000 askar uddalaydigan ishni 2500 harbiy eplashi mumkinmi?” – deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Set Jouns.

Afg’oniston hukumati ayni paytda Qatarda Tolibon bilan tinchlik bitimi xususida muzokara qilmoqda. Kuzatuvchilar nazarida, Tramp ma’muriyatining muzokara natija bermasidan qo’shinlarni kamaytirishi Tolibonni ruhlantirib, jang maydonida uning kuchayishiga olib kelishi, hukumat bilan muzokaraga hojat qolmasligi mumkin.

Yangi saylangan prezident Jo Bayden barcha e’tiborni koronavirusga qarshi kurashga tashlamoqchi ekan, afg’on masalasida uning ma’muriyati qanday siyosat yuritishi hozircha mavhum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG