Shu yil 11-sentabrida AQShda yirik terror xurujlari sodir etilganiga 20 yil to’larkan, Qo’shma Shtatlar o’sha voqealar ketidan Afg’onistonga safarbar etilgan qo’shinlarini kuzgacha butunlay chiqarishni rejalamoqda.
Afg’on urushi AQSh tarixidagi eng uzoq mojaro bo’lib, Amerika, NATO va Afg’oniston harbiylaridan tashqari 43 mingdan ziyod tinch afg’onni ham nobud qildi.
"Prezident afg’on mojarosini harbiy yo’l bilan hal qilib bo’lmasligini, Amerika bu mamlakatda haddan uzoq qolib ketganini doim aytib kelgan”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.
Unga ko’ra, Bayden Qo’shma Shtatlar resurslarini bugungi tahdidlarga qarshi kurashda qo’llashi kerak degan fikrda.
Ayrim respublikachi qonunchilar prezidentning ushbu rejasini tanqidga oldi. Respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel bunday qarorni jiddiy xato deb atadi.
Aytish joiz, sobiq prezident Donald Tramp Tolibon bilan kelishuvga ko’ra Amerika askarlarini Afg’onistondan shu yil mayigacha olib chiqmoqchi edi.
“Bunday mulohazasiz qaror natijasida afg’on, mintaqaviy va NATO hamkorlarimizni terrorchilarga qarshi umumiy kurashda yolg’iz qoldirgan bo’lamiz. Bu urushda g’alaba qozonganimiz yo’q hali. Ayniqsa afg’on ayollaridan yuz o’girgan bo’lamiz; xususiy erkinliklar, inson huquqlari xavf ostida qoladi”, - dedi qonunchi.
Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Mervin Veynbaumning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Oq uy bu qarori bilan Afg’oniston va dunyodagi hamkorlariga befarqligini ko’rsatmoqda.
“Nazarimda, bu Tolibonga hokimiyatni qo’lga olishga yo’l ochadi. Afg’on hukumati Amerika qo’shinlari yordamisiz uzoqqa bormaydi”, - deydi u.
Amerika harbiylari Afg’onistonni may oyigacha tark etadi deb o’ylagan Tolibon Oq uyning eng so’nggi qaroridan norozi ekanini bildirib, barcha xorijiy askarlar mamlakatdan ketmaguncha tinchlik muzokaralarida qatnashmasligini bildirdi.
"24-apreldan 4-maygacha Turkiya, Qatar va BMT tashabbusi bilan Afg’oniston va Tolibon vakillari o’rtasida Turkiyada yuqori darajali anjuman o’tkazilishi kutilmoqda”, - dedi BMT bosh kotibi so’zlovchisi Stefan Dujarrich.
AQShning so’nggi qarori ketidan muzokaralar o’tkaziladimi endi, yo’qmi, ma’lum emas. Ammo bu mamlakatdagi mojaro hal bo’lmas ekan, tinch aholi nobud bo’lishda davom etadi.
Facebook Forum