Ayrim xabarlarga ko’ra, Suriyadan qo’shinlarni chiqarishni buyurgan Donald Tramp Afg’onistondagi askarlar sonini kamaytirishni ham ko’zlamoqda. Oq uy ma’muriyati bu xabarlarni tasdiqlagani yo’q, biroq shunga qaramay, ba’zi rasmiylar xavotirga tushgan.
O’tgan hafta AQSh muzokarachilari Tolibon bilan Birlashgan Arab Amirliklarida muloqot qilgan. Toliblar Kobuldagi markaziy hukumat bilan bevosita muzokara qilishdan oldin ajnabiy qo’shinlar mamlakatni tark etsin, deya talab qo’ygan. Trampning matbuotda xabar berilayotgan qaroriga Tolibon bilan muloqotning aloqasi bormi, hozircha ma’lum emas.
Afg’on rasmiylari amerikalik qo’shinlarning kamaytirilishini matbuotda ahamiyatsiz holatdek izohlamoqda, ammo tor doiralarda afg’on xavfsizlik kuchlari Amerika madadisiz Tolibonni yenga olmasligini tan olmoqda.
Xalqaro kuchlarning Afg’onistondagi amerikalik qo’mondoni askarlarning yarmini chiqarishga buyruq kelmaganini aytadi.
“Mish-mishlarni biz ham eshityapmiz, gazetalardan, ammo rasmiy hujjatda ko’rmadik. Shunday qaror qabul qilinsa ham afg’on harbiylari xavotir olmasin. Biz kichik sonda ham vazifalarimizni bajarishda davom etamiz”, - deydi general Ostin Skot Miller.
Ayrim siyosiy sharhlovchilar qo’shinlarni qisqartirish qarorini Birlashgan Arab Amirliklarida Tolibon bilan o’tgan hafta bo’lgan muloqot natijasi deya ko’rmoqda. Ba’zilarning taxmin qilishicha, javob tariqasida jangarilar ham yaqin kunlarda hujumlarini susaytirishi mumkin.
“Prezident Trampning 7000 amerikalik askarni Afg’onistondan tez orada va, hatto, shu yozda chiqarish haqidagi qarori afg’on tinchligi uchun muhim qadamdir. Bu ijobiy oqibatlarga olib keladi degan umiddamiz”, - deydi afg’onistonlik siyosiy tahlilchi Intizor Hadim.
Biroq qo’shni Pokistondagi siyosatchilar va sharhlovchilar bunday qadam kutilmagan oqibatlarga olib kelishini taxmin qilmoqda.
“Buning ta’sirini vaqt o’tishi bilan ko’ramiz. Biroq bu hokimiyat Afg’onistonda Tolibon qo’liga to’liq o’tadi degani”, - deydi pokistonlik sobiq diplomat Rauf Hassan.
“Afg’on Toliboni bilan ishonch rishtalari o’rnatilmoqda. Afg’onistonda tinchlikni o’rnatishda Pokiston muhim rol o’ynaydi, chunki afg’on tinchligiga yo’l Islomobod orqali o’tadi”, - deydi Pokiston Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasidan Mushohid Husayn.
Tahlilchilarning barchasi ham Tolibon hokimiyatga qaytishiga, shariat qoidalari qayta o’rnatilishiga, qizlar va ayollar huquqlari keskin chegaralanishiga ishonmaydi.
“Tolibonni himoya qilayotganlar ular hukmron paytda Afg’onistonda tinchlik hukm surgan, deydi. Ha, qabristondagi sukunat kabi tinchlik bo’lgan”, - deydi Pokistonning Kobuldagi sobiq elchisi Osif Durraniy.
Ayrim tahlilchilar orasida Tolibon mamlakatdagi hozirgi siyosiy jarayonlarga qo’shilish niyati yo’q degan fikr ham mavjud.
Facebook Forum