Breaking News

Turkiya "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyotlarda ochiq ishtirok etmayapti


Turkiya va xalqaro koalitsiya
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00

Turkiya Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan koalitsiya a'zosi, ammo shu paytgacha to'g'ridan-to'g'ri harbiy amaliyotlarda ishtirok etgani yo'q. Tahlilchilarga ko'ra, sabab Turkiyaning mintaqada AQShnikidan farqli maqsadlarga ega ekanidir. Vashington uchun asosiy vazifa Iroqda barqarorlik o'rnatish bo'lsa, Turkiya Bashar al-Assad rejimining tezroq qulashini istaydi, deydi ular.

Turkiyaning "Islomiy davlat"ga qarshi harbiy amaliyotlarga qo'shilishdan o'zini tiyayotgani, ayniqsa, Kobani misolida yaqqol ko'zga tashlanmoqda.

Turkiya kurdlari hukumatdan Kobaniga askar kiritishni va u yerdagi mahalliy aholini himoya qilishni talab qilmoqda. Anqara esa Kobanida jangarilarga qarshi kurash olib borayotgan kurdlarning Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador ekanini ro'kach qilib, jangga kirishdan o'zini tiymoqda.

Vashingtondagi Siyosiy tahlil markazi tadqiqotchisi Genri Barkining aytishicha, Kobani to'liq jangarilar qo'liga o'tgan taqdirda ham Anqaraning aralashish niyati yo'q. Unga ko'ra, Turkiya mintaqa kurdlarining kuchayib, Suriya shimolida mustaqil davlat barpo etishidan xavotirda.

"Turklar kurd muammosiga yechim topish uchun Kurdiston ishchilar partiyasi bilan muzokara olib borayotgan bir paytda Suriya shimolida yangi kurd avtonom viloyatining paydo bo'lishi strategik jihatdan Anqara uchun noxush xabar", - deydi u.

AQShning Turkiyadagi sobiq elchisi Erik Edelman Anqaraning "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Vashington bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini aytadi.

"AQSh va Turkiya bir-birining yordamiga muhtoj. Bunga shubha bo'lishi mumkin emas", - deydi u.

AQSh va Turkiya manfaatlaridagi tafovut "Islomiy davlat"ga qarshi davom etayotgan kurashda o'z ifodasini topmoqda.

Turkiya janubida joylashgan Injirlik havo bazasidan foydalanish bo'yicha AQSh va Turkiya kelishuvga erishgani haqida birinchi bo'lib Vashington ma'lum qildi. Turkiya esa bu xabarni rad etdi.

Turkiyaning koalitsiyadan o'zini olib qochishi Anqaraning uzoq muddatli manfaatlariga zarar, deydi tahlilchi Barki.

"AQShning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi kelishuvga erishdik deb turganda, turklarning bu xabarni inkor etishi Turkiya uchun qimmatga tushishi mumkin. Bunaqa yo'l bilan Vashingtonda do'st orttirish mushkul", - deydi u.

AQShning iste'fodagi generali Jon Allen "Islomiy davlat"ga qarshi xalqaro koalitsiyaga yangi hamkorlarni jalb etish ishlarini boshqaryapti. Edelmanning aytishicha, general Allen muzokaralarda Turkiyaning xavotirlarini inobatga olishi kerak.

"Turkiya AQShning ayrim masalalarga yetarli e'tibor bermayotganidan norozi. Shuning uchun ular bir qarorga kelishdan oldin AQShdan aniq qanday yordam bera olishi yoki olmasligi bo'yicha kafolat istamoqda", - deydi sobiq diplomat.

Turkiya Amerikadan, xususan, Suriyaning o'ziga yaqin shimoli uzra parvozlarni taqiqlashni so'rayapti. Shu tariqa, Anqara hisobiga ko'ra, Assad rejimiga qarshi olishayotgan mo'tadil muxolif guruhlarni kuchaytirish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG