Turkiya va AQSh o’rtasidagi taranglik Vashingtonning Suriyada kurdlarga berayotgan yordami tufayli kuchaymoqda. Tahlilchilarning ogohlantirishicha, NATOga a’zo ikki davlat o’rtasidagi ishonchsizlik mavjud taranglik va o’zaro muammolarni hal etishda to’siq bo’lib turibdi.
Turkiya Suriyaning Afrin anklavida o’rnashib olgan kurd jangchilariga qarshi amaliyotlarni davom ettirmoqda. Anqara ularni Manbijdan ham haydamoqchi va shu munosabat bilan AQShdan shahardagi qo’shinlarini chiqarishni talab qilmoqda. Amerikalik harbiylar suriyalik kurdlarga “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda yordam bermoqda, qurol-yarog’ bilan ta’minlamoqda, harbiy tayyorgarlikdan o’tkazmoqda.
“Amerika va Turkiya o’rtasida umuman ishonch qolmagan. Gap faqat Suriyadagi vaziyat haqida emas, bunga sabab ko’plab boshqa mavzular ham bor. Ishonchsizlik ikki yil oldin Turkiyada sodir etilgan davlat to’ntarishiga urinishdan beri yo’q”, - deydi “Al-Monitor” veb-sahifasiga yozuvchi Semih Idiz.
Turkiya rasmiylari Vashingtonni 2016-yil iyuli voqealari ortida turganlikda ayblamoqda. AQSh ayblovlarni inkor etib keladi.
Anqara, shuningdek, kurdlar Manbijni “Islomiy davlat” to’dasidan tortib olganidan so’ng shaharda qolganida Qo’shma Shtatlarni ayblamoqda. Sobiq Prezident Barak Obama ma’muriyati Turkiyaga kurdlar shaharda qolmaydi deb kafolat bergan edi.
“Turkiya [sobiq vitse-prezident] Jo Baydenning AQSh va kurd qo’shinlari Manbijni tark etadi, degan va’dasini yaxshi xotirlaydi”, - deydi Istinye universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha professor Mesut Hakki Chasin.
O’tgan chorshanba kuni Turkiya va AQSh prezidentlari telefon orqali suhbatlashganidan so’ng Rajab Toyib Erdog’anning idorasi Oq uy matbuot xizmatini muloqot tafsilotlari haqida yolg’on ma’lumot tarqatganlikda aybladi.
“Bir nechta Qo’shma Shtatlar bilan ish qilishga to’g’ri kelyapti. Pentagon bir gap aytadi, Davlat departamentidan umuman boshqacha gap eshitamiz. Hayron bo’ldik. Qaysi bayonotga qarab ish tutishimiz kerak?” - deydi Turkiya bosh vazirining o’rinbosari Bekir Bozdag.
Karnegi jamg’armasi eksperti Sinan Ulgenning aytishicha, Pentagon Suriyada 30 ming sonli mahalliy qo’shinni, jumladan, kurdlarni tayyorlaymiz, deya bayonot chiqargan, AQSh hukumatidagi ayrim rasmiylar esa buni inkor etishdi.
“Ana shu bayonot Turkiyani chegaradan o’tib, amaliyot boshlashga majbur qildi. Bu AQShning Suriyada Turkiya bilan ishlash strategiyasi yo’qligidan, Amerika hukumati idoralari o’rtasida muvofiqlashtirish yo’qligidan dalolat”, - deydi Ulgen.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li AQSh va kurd qo’shinlari Manbijni zudlik bilan tark etsin, deya talab qo’ydi. Erdog’an Afrin qo’lga olinganidan so’ng Manbijga o’tamiz, deydi.
AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo’mondonligi vakili general Jozef Votel bunday rejamiz yo’q, deya javob berdi.
“Harbiy xatoga yo’l qo’yilishi mumkin. Tomonlar bexosdan to’qnashib ketishidan qo’rqaman. Agar amerikalik askar turk zobitini o’ldirib qo’ysa, Turkiya buni kechirmaydi. NATOning janubiy qanoti quladi deyavering shunda. Kim bundan foyda ko’radi? Rossiya”, - deydi professor Chasin.
Tahlilchi Ulgenning aytishicha, Moskva ko’pdan beri Turkiyani G’arbdan ajratishga harakat qiladi.
“Xoh Moskva bo’ladimi, xoh Tehron yoki Damashqdagi rejim bo’ladimi, barchasi istalmagan oqibatlarga olib keluvchi vaziyatning kelib chiqishidan manfaatdor”, - deydi Ulgen.
Facebook Forum