Breaking News

AQShning Ukrainaga harbiy yordami nimadan iborat va nima uchun kerak?


Amerikalik harbiy mutaxassis ukrainalik askarlarni tayyorgarlikdan o'tkazyapti
Amerikalik harbiy mutaxassis ukrainalik askarlarni tayyorgarlikdan o'tkazyapti

AQSh Kongressining Vakillar palatasida demokrat qonunchilar tashabbusiga ko’ra o’tayotgan impichment tekshiruvi Prezident Donald Tramp saylovdagi raqibi Jo Baydenga nisbatan ustunlikka erishish uchun Ukrainaga harbiy yordamni to’xtatganini aniqlashni maqsad qilgan. Demokratlarning da’vo qilishicha, Tramp Ukraina rahbari Bayden va oilasining Ukrainadagi ishlarini tergov qilishga rozi bo’lsagina bu mamlakatga harbiy yordam berishini aytgan.

AQShning Ukrainaga harbiy yordami nimadan iborat va nima uchun Ukrainaga bunchalik muhim?

Ukraina Rossiyani 2014-yilda Qrimni tortib olib, mamlakat sharqidagi bo’lginchilarni qo’llab-quvvatlash uchun qo’shin yuborganlikda ayblaydi.

Shundan beri Qo’shma Shtatlar Ukrainaga xavfsizlik va mudofaa bobida, o’zini Rossiyadan himoya qilish uchun 1,6 milliard dollarlik yordam ko’rsatgan.

“Obama ma’muriyati ham, Tramp ma’muriyati ham Ukrainaga harbiy texnika, radarlar, tunda ko’rish ko’zoynaklari, harbiy transport bergan. Ustiga-ustak, Tramp ma’muriyati tankka qarshi raketa sistemasini ham uzatib, ukrainalik harbiylar tayyorgarligi bilan shug’ullanmoqda. Sobiq prezident Barak Obama Ukrainaga bunday qurollarni berishdan o’zini tiygan edi”, - deydi Vashingtonagi “Atlantika kengashi” tahlil markazidan Mark Simakovskiy.

Vashingtonlik yana bir tahlilchi Uill Pomeransning aytishicha, Obama AQShning ukrain mojarosiga chuqurlashishini istamagan.

“Obama ixtilof boshidan uning ko’lamini bo’rttirmasdan mojaroga barham berishga umid qilgan edi. AQShning xavotiri shu ediki, agar Ukrainaga kattaroq yordam berilsa, u holda Rossiya ham bo’lginchilarga yordamni oshirib, mojaro kattalashib ketardi”, - deydi Vilson markazi eksperti.

Tramp ma’muriyati esa, deydi Brukings instituti tahlilchisi Maykl Oxanlon, Trampning o’zi Ukrainani unchalik yoqtirmasa ham Kiyevga kuchliroq qurollar berdi.

“Nazarimda, Tramp shaxsan Ukrainaga yordam bermoqchi bo’lmagan, ammo oxir-oqibatda maslahatchilari shunga ko’ndirdi”, - deydi Oxanlon.

Fevral oyida Kongress joriy yil uchun Ukrainaga atalgan 391 million dollarlik harbiy yordamni tasdiqladi. Chora harbiy tayyorgarlikni ham ko’zda tutgan.

“Urushning eng boshida Ukraina armiyasi korrupsiyaga botib, inqirozga yuz tutgan edi. Bunday shaklda qo’shinlar jangovar kuch bo’lolmasdi”, - deydi Vill Pomerans.

Oxanlonning aytishicha, AQSh yordami tufayli Ukraina armiyasi ancha oyoqqa turib oldi, jangovar salohiyati va ruhi oshdi, garchi yordam hajmi boshqa mamlakatlarga berilayotgan harbiy yordamdan ancha oz bo’lsa-da.

“Afg’onistonga bundan ancha ko’p yordam uzatganmiz. Yiliga bir necha milliard dollarga teng yordam. Iroqqa ham shuncha beriladi”, - deydi Brukings instituti eksperti.

Kongressdagi impichment tinglovlarida qatnashgan Davlat departamenti xodimlarining aytishicha, AQShning Ukrainaga yordami Rossiya uchun jiddiy signal bo’lib xizmat qiladi.

“Ukraina Rossiya bilan tinchlik muzokaralarida zaif bo’lib ko’rinmasligi uchun ham yordam beryapmiz. Rossiya Ukrainani 2014-yilda bosib olganidan beri 14 ming ukrainalik nobud bo’lgan”, - deydi davlat kotibining Rossiya, Ukraina va Yevrosiyo bo’yicha muovini Laura Kuper.

Dekabr boshida “Normand to’rtligi”ni tashkil etuvchi Ukraina, Rossiya, Germaniya va Fransiya vakillari Parijda uchrashib, mojaroga barham berish yo’llari xususida gaplashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG