Breaking News

Diplomatiya avjida, Ukrainada vaziyat tarang


AQSh davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Parijdagi muzokaralar chog'ida. 5-mart 2014.
AQSh davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Parijdagi muzokaralar chog'ida. 5-mart 2014.
AQSh davlat kotibi Jon Kerri 5-mart kuni Ukraina masalasida qator uchrashuvlar o’tkazganidan so'ng vaziyatni hal etishni ko’zlaydigan xalqaro urinishlar payshanba kuni ham davom etishini bildirdi. Ayni vaqtda Ukrainaning ayrim hududlarida ziddyat chuqurlashgani aytilmoqda.

Diplomatlar Parijda uchrashganida Ukrainada Rossiya harbiy harakatlari tarafdorlari va qarshilar orasida ziddiyat kuchayib, odamlarning bir-birga baqirishlari va itarishlarigacha borgan. Qrimda Rossiya tarafdori bo’lmish guruh BMTning maxsus elchisi Robert Serriga hujum qilgan. Elchi kafega qochib kirishga majbur bo’lgan va so’ngra tashrifini tugatgan. Uning jarohatlanmagani aytilmoqda.

Rossiya tarafdorlari, shuningdek, Donetsk shahrida davlat idoralari binolariga bostirib kirgan.

Aynan o’sha damlarda G’arb, Ukraina va Rossiya vakillari Parijda uchrashayotgan edi. AQSh davlat kotibi Jon Kerri barcha taraflar, shu jumladan Rossiya masalaning tinch yo’l bilan hal qilinishi tarafdori ekanini aytdi.

Kerriga ko’ra, Ukraina va Rossiya tashqi ishlar vazirlari chorshanba kungi uchrashuvdan nihoyatda katta natija kutgan. Kerri Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavror bilan yana payshanba kuni Rimdagi xalqaro konferensiya chog’ida birga-bir uchrashib, masalani muhokama qilishda davom etadi.

“Menimcha, hech qaysi birimizda shunday jiddiy vaziyatda, shunday kuchli ziddiyat chog’ida uchrashib, darhol muammoni hal etamiz, degan umid yo’q edi”, - dedi Kerri.

U, shuningdek, agar Rossiya istasa Ukrainadagi mojaroni hal etishga qodir, deb aytgan.

Parijdagi uchrashuvdan oldin Madridda bo’lgan Lavrov g’arb davlatlarini Ukraina-Rossiya munosabatlariga aralashayotganlikda ayblagan edi. G’arb Ukrainada o’z foydasini ko’zlayapti, der ekan Kreml rasmiysi bunday siyosatni “jiddiy emas”, “o’yinning bir qismi”, deb atadi.

Parijdagi uchrashuvlarda Ukraina muvaqqat hukumatidan tashqi ishlar vaziri Andriy Deshitsa qatnashdi. Lavrov u bilan uchrashishdan bosh tortdi. G’arb davlatlari vakillariga esa Kiyev rasmiysi nafaqat Ukraina, balki butun mintaqa kelajagi hal qilinayotganini aytgan.

“Bu Rossiyaning Qrimdagi agressiyasi. Ammo endi biz vaziyatni hal etish haqida o’ylashga majburmiz. Hal etish deganda nafaqat Ukraina kelajagi, balki Rossiya kelajagi, Rossiya Ukrainadagi harakatlaridan keyin o’zini qanday tutishini nazarda tutish kerak”, - dedi Deshitsya.

Rossiay bilan muzokaralar olib borar ekan, G’arb davlatlari Moskvani Qrimdagi harbiy harakatlari uchun jazolash yo’llarini ham o’rganmoqda. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar payshanba kuni uchrahsib, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar masalasini muhokama qiladi.

Chorshanba kuni NATOning Bryusseldagi qarorgohida tashkilotga a’zo davlatlar vakillari Rossiya rasmiysi bilan uchrashdi. NATO Ukrainaga mashqlar o’tkazish orqali harbiy salohiyatini oshirishda yordam beradi, deya bildirildi.

NATO bosh kotibi Anders Fog Rasmussen tashkilot Rossiya bilan birinchi qo’shma amaliyotni bekor qilishi, yuqori martabali Rossiya rasmiylari bilan aloqalarni uzishi hamda ikki tomonlama munosabatlarni qayta ko’rib chiqishini ma’lum qildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG