Breaking News

Putin G'arb chaqiriqlariga quloq tutishni boshladimi?


Putin ayirmachilardan referendumni kechiktirishni so'radi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00
Rossiya prezidenti Vladimir Putin sharqiy Ukrainadagi moskvaparast ayirmachi guruhlardan 11-mayga belgilangan referendumni noma’lum muddatga qoldirishni so’radi. Bu chaqiriq G’arbda Kremlga qarshi jazo choralarini kuchaytirish haqida bahslar kuchaygan bir paytda yangradi.

Referendum uchun byulletenlar chop etilmoqda.

Ayirmachi guruhlar 11-may kuni Ukrainadan ajrab chiqish uchun ovoz berish niyatida.

Kutilmaganda, Rossiya rahbari Vladimir Putin ovoz berishni kechiktirishni so’rab chiqdi.

“Biz janubi-sharqiy Ukraina vakillarini, federalizatsiya tarafdorlarini 11-mayga belgilangan referendumni kechiktirishga chaqiramiz”, - dedi Putin.

Putinning bayonoti AQSh Davlat kotibi Jon Kerri referendumni “ko’zbo’yamachilik” deb ataganidan so’ng yangradi.

“Ukrainani parchalashga qaratilgan bu noqonuniy harakatni biz ochiqchasiga rad etamiz. Uni amalga oshirish vaziyatni o’nglash uchun olib borilayotgan sa’y-harakatlar uchun yangi muammolar yaratadi”, - dedi Kerri.

Vashington allaqachon o’nlab Kremlga yaqin Rossiya fuqarolarini jazoga tortgan.
Ammo bu yetarli emas, deydi AQSh senatori Bob Korker.

“Ular ustimizdan kulishyapti. Bu choralar Rossiyaga hech qanday ta’sir ko’rsatmaydi. Aksincha, shu paytgacha tutgan yo’lni davom ettirish imkonini beradi”, - deydi u.

Senator Robert Menendez ham qat’iyroq jazolar qo’llanilishi tarafdori.

“Men jazo qo’llash tarafdoriman. Eronga qarshi bo’ladimi yoki Moskvani dunyoning eng ko’p milliarderlari yig’ilgan joyga aylantirgan rus oligarxlariga qarshimi, ular tinchlik diplomatiyasining samarali qurolidir”, - deydi senator.

AQSh Davlat kotibi muovini Viktoriya Nuland shu paytgacha qo’llangan sanksiyalar samara berayotganini ta’kidlaydi.

“Bunday agressiv siyosat Rossiya manfaatlariga xizmat qilmasligini, aksincha, uni muvaffaqiyatsizlik sari boshlashini Rossiya iqtisodiyoti allaqachon ko’rsatmoqda”, - deydi u.

Shu yil boshidan beri Rossiyadan 51 milliard dollar mablag’ olib chiqib ketildi.
Vashington xavotiriga ko’ra, Rossiya 25-mayga belgilangan Ukrainadagi prezidentlik saylovlariga ham xalal berishi mumkin.

Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psaki bu haqda shunday deydi:

“Agar Rossiya Qrimni noqonuniy egallab olishda qo’llagan usulini sharqiy yoki janubiy Ukrainaga nisbatan ham joriy qilsa yoki bu yerlarga askar kiritsa, AQSh va Yevropa Ittifoqining kuchli jazo choralariga duchor bo’ladi”, - deydi u.

Ukraina hukumati isyonchilar egallab turgan hududlarni qayta o’z nazoratiga olish uchun harbiy amaliyot olib bormoqda.

Mamlakat sharqida kuchayib borayotgan zo’ravonlik so’nggi bir necha kun ichida o’nlab odamning hayotiga zomin bo’ldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG