BMTning Jahon Oziq-ovqat dasturiga ko’ra, dunyoda 828 million odam har kuni ochlik bilan yuzlashadi. BMT Bosh Assambleyasining yillik sammiti uchun Nyu-Yorkda to’planayotgan dunyo rahbarlari ko’plab mavzular qatorida global oziq-ovqat xavfsizligini ham muhokama etishi kutilmoqda.
Britan qirolichasining dafn marosimida qatnashish uchun Londonga borgan AQSh Prezidenti Jo Bayden BMTda chorshanba kuni ma’ruza qiladi.
“Prezident sessiyaning ertalabki qismida delegatlarga murojaat qiladi. Ukrainadagi urush sabab yomonlashgan global oziq-ovqat xavfsizligi haqida gapiradi”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Bayden, shuningdek, AQSh va Yevropadagi ittifoqchilarning Ukrainani qo’llab-quvvatlashga va Rossiyani yakkalashga qaratilgan manfaatlarini muvozanatga solishga harakat qiladi.
“Urush boshida yevropalik diplomatlar Afrika va Osiyo mamlakatlaridan BMTda Ukrainani qo’llab-quvvatlashni talab qilgan edi, biroq hamkasblarining oziq-ovqat xavfsizligi va urush ta’sirida ko’rilgan iqtisodiy zarar haqidagi xavotirlariga quloq solishmadi. Endi esa AQSh va yevropaliklar rivojlanayotgan dunyoning iqtisodiy tashvishlariga e’tibor berishga va bu muammolarni hal etishga harakat qilishlarini bildirishmoqda”, - deydi Xalqaro iniqirozlar guruhidan Richard Govan.
Shu maqsadda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken seshanba kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida oziq-ovqat xavfsizligiga doir majlis tashkil etyapti.
Ukrainada urush boshlanganidan beri oziq-ovqat va o’g’it eksporti tushib ketdi. Pandemiya ta’sirida ko’tarilgan narxlar yanada oshdi. Natijada BMTning 2030-yilgacha dunyoni ochlikdan xoli qilishga qaratilgan dasturi pand yedi.
“Qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat tizimlariga qo’shimcha sarmoya qilishimiz kerak. Kambag’allar ham bundan foyda ko’rsin. Oziq-ovqat narxlarini tushirish, hosil yetishtirishni oshirish kerak”, - deydi Oziq-ovqat siyosatini tadqiq qilish bo’yicha xalqaro institut vakili Rob Vos.
O’tgan hafta Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqanddagi sammitida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yevropa portlarida 300 ming tonna rus o’g’iti ushlab turilganini aytib, uni kambag’al davlatlarga bepul berishga tayyor ekanini bildirdi, rivojlangan davlatlarni Ukrainadan chiqayotgan g’allani muhtoj mamlakatlarga yubormasdan, o’zlari uchun olib qo’yayotganlikda aybladi.
Global salomatlik Oq uy uchun yana bir ustuvor yo’nalish.
“COVID-19 global salomatlikka tahdidlar chegara bilmasligini eslatdi. Koronavirus, maymunchechak va boshqa epidemiyalar bilan birgalikda shug’ullanishimiz kerak”, - deydi Amerikaning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.
Bayden OITS, sil va bezgakka qarshi kurash global jamg’armasining anjumaniga ham mezbonlik qiladi. AQSh jamg’armaga va’da qilgan 6 milliard dollardan 2 milliardini bergan. Jami esa 18 milliard dollar kerak.
Facebook Forum