Breaking News

Iqtidorli yoshlar jiddiy muammolarni hal etishga bel bog'lagan


Jek Andraka, yosh kashfiyotchi.
Jek Andraka, yosh kashfiyotchi.

Amerikalik o’smirlarning aksariyati vaqtini maktab va uyda hamda do’stlari bilan o’tkazadi. Ayrimlar esa o’zi uchun boshqacha hayot tanlagan. Ular butun dunyoga dong’i ketib ulgurgan iqtidorli yoshlar. Yaqinda shunday yigit-qizlarning bir guruhi Los-Anjelesda yig’ildi.

15 yoshli Vinter Vineki boshqa odamlar butun umr erisha olmaydigan cho’qqilarni zabt etishga ulgurdi.

“Yettita qit’adagi marafonlarda qatnashib chiqdim. Bunday yutuqqa erishganlar orasida eng yoshiman. Otam uchun shunday qildim,” - deydi qiz.

Vineki otasi prostata saratonining og’ir shakliga chalinganida Vinter to’qqiz yoshda edi. 10 oydan keyin ota olamdan o’tdi.

“Otamga birinchi marta bu diagnoz qo’yilganida nimadir qilishim kerakligini tushunganman. “Vinter jamoasi”ni tuzganman. Prostata saratoniga oid tadqiqotlar olib borish uchun,” - deydi Vinter.

Shu tashkilot va ijtimoiy tarmoqlar orqali o’smir qiz yarim million dollar mablag’ to’pladi.

Prostata haqida turli mamlakatlarda ma’lumot tarqatadi. Keniyadan Mongoliyagacha. Barcha qit’ada o’tkaziladigan marafonlar orqali.

AQShda ham. Masalan, Milken institutida tashkil etilgan tadbirlarda chiqish qiladi. Vinter Vineki g’ayrioddiy hayot kechirayotgan o’smirlardan biri. Jek Andraka ham vunderkind - kashfiyotchi. U 15 yoshida pankreatit, tuxumdon va o’pka saratonlarini aniqlaydigan sodda va arzon apparat kashf etgan.

“Gugl (Google) va Vikipediyasiz men loyiham uchun kerakli ma’lumotni topolmagan bo’lardim. Pankreatit nimaligini ham bilmasdim, ammo so’ngra saratonni aniqlaydigan asbob o’ylab topdim,” - deydi Andraka.

Yigitning eng so’nggi kashfiyoti xavfli kimyoviy moddalar bilan zaharlangan suvni aniqlash va tozalash uchun apparat. Jek uning uchun patent olmoqchi.

“Yangi asbob Bangladesh, Xitoy va Hindiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda hamda Afrikada qo’llanishiga umid qilaman. Chunki u yerda suvdagi og’ir metallar va boshqa chiqindilar jiddiy muammoga aylangan,” - deydi yosh kashfiyotchi

16 yoshli faol Mari-Pat Hektor o’z jamoasidagi muammoga qarshi kurashishga qaror qilgan. O’qotar qurollardan ko’plab yoshlar nobud bo’ladi, deydi u.

“Do’stlarim yaralanganiga guvoh bo’lganman. Televizorda ham tez-tez ko’rsatishadi. Bu muammoni to’xtatish uchun nimadir qilishim kerak, deganman”.

O’smir Milliy harakat tarmog’ining yosh direktoriga aylandi. Mamlakatdagi eng katta fuqaroviy jamiyat tashkiloti vakili sifatida Mari-Pat qurollar va zo’ravonlikka qarshi kurashadi. Yoshlarni muammodan boxabar qiladi.

“Sakkiz yashar ukam men uchun ilhom manbai. U shu qadar beg’uborki. Ukam va kelajakda farzandlarim tinch mamlakatda hayot kechirsin, deyman”.

Mari-Pat Hektor, Jek Andraka va Vinter Vineki yutuqlariga sababchi bo’lganlar - ularni doim qo’llab-quvvatlaydigan ota-ona, internet va ijtimoiy tarmoqlar. Ammo eng muhimi – o’zing nimaga qiziqishing, deydi ular bir ovozdan.

“Bolalar va kattalar uchun eng muhimi - orzu qilish. Orzuning amalga oshishida yosh to’siq bo’lmasligi kerak,” - deydi Vinter Vineki.

“Birov yo’q, uddalay olmaysan, desa quloq solma. Orzuingga ishon. 15 yoshli bola uddalagan narsa sening ham qo’lingdan keladi,” - deydi Andraka.

Shunda zabt etolmaydigan cho’qqi qolmaydi, deydi bu iqtidorli yoshlar.

Amerikaning faol yoshlari bilan tanishing - Unique youth
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:31 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG