Vashingtonda O'zbekistonning yangi favqulodda va muxtor elchisi Javlon Vahobov ish boshladi. Bu hafta Oq uyda AQSh rahbari Donald Tramp bilan uchrashib, unga ishonch yorlig'i topshirgan Vahobov deydiki, tomonlar serqirra hamkorlik istaydi.
1-dekabr kuni elchixonada ziyofat bergan elchi mehmonlarni qutlar ekan, to'laqonli faoliyatga kirishish uchun bir oydan oshiq vaqt ketganini yashirmadi. Mezbon davlat rahbariga ishonch yorlig'ini taqdim etmay turib, bosh diplomat sifatida u yerda yuqori darajadagi rasmiy muloqotlar o'tkaza olmaydi. Shunday ekan, Vahobov uchun haqiqiy ish mana endi boshlanmoqda.
U 17-oktabr kuni Davlat departamentida qabul qilingan edi. O'sha kuni AQSh Kongressi qoshida O'zbekiston xususida davra suhbati kechib, unda O'liy Majlis vakillari hamda rasmiylar so'zlagan edi.
O'tgan bir necha oy ichida aloqalar faollashib, Toshkent-Vashington orasida delegatsiyalar qatnovi oshdi. Nafaqat siyosiy hamkorlik balki iqtisodiyot, ilm-fan va madaniyat sohasida ham almashinuvlar ko'paygani seziladi. Oktabr va noyabr oylarda O'zbekiston va AQSh qonunchilari ham Vashingtonda, ham Toshkentda uchrashdi.
Tramp ma'muriyati O'zbekiston bilan har tomonlama yaqindan ishlashga hozir ekanini bildirmoqda. Prezident Tramp bu borada elchi Vahobovga ham aytgan. Lekin aynan qay yo'nalishlarda? Oq uy buni tushuntirmaydi.
Yaqinda Oq uyda, Davlat xavfsizlik kengashida, mintaqa bo'yicha bosh rasmiy Liza Kurtis Samarqandda o'tgan xalqaro anjumanda qatnashganida, asosan Afg'oniston va bu davlatni barqarorlashtirish yo'lida birga ishlash haqida gapirdi. Kurtis xonim Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan alohida uchrashgan.
Davlat departamenti rasmiylariga ko'ra, xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va gumanitar sohada hamkorlikni kengaytirishdan har ikki tomon manfaatdor. Mirziyoyev ma'muriyati O'zbekiston yangi imkoniyatlar ochishni xohlaydi, deya AQShga ulkan umid bilan qaramoqda, xususan biznes va investitsiya sohasida.
Elchi Vahobov yaqinda Vashingtondagi siyosiy tahlil markazida so'zlaganida va bugun ham elchixonadagi qabulda mehmonlarni qutlaganida, rishtalarni mustahkamlash O'zbekiston uchun ezgu maqsad, dedi.
Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat Genri Encher uning bu gaplarini olqishlar ekan, Vashington ham Toshkent bilan yaqindan ishlash niyatida va bu borada harakatlar avjida, deya qayd etdi.
"Serqirra hamkorlik" ezgu maqsad ekani haqida har ikki tomon azaldan bong urib keladi lekin amalda munosabatlarni kuchaytirish, Amerikaning O'zbekistondagi nufuzi hamda O'zbekistonning Amerikadagi nufuzini oshirish, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish, shuningdek, mushtarak muammolar va manfaatlar ustida samarali ishlash kuchli iroda va mehnat talab qiladi.
Shunday ekan, yangi elchidan umid katta. Aloqalarda haqiqatdan ham yangi sahifa ochilayotganini isbotlash kerak. Vashington O'zbekistonda o'zgarishlar to'lqini davom etadi va kengayadi, degan umidda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sentabr oyida AQShda bo'lganida vatandoshlar bilan uchrashib, ularni va ular singari mutaxassislarni ona yurtga qaytib, mamlakat ravnaqi yo'lida hissa qo'shishga undagan. Hukumat, xususan O'zbekiston elchixonasi, prezident bilan so'zlashgan o'zbekistonliklarni sohasi va maqsadlariga qarab respublikadagi tegishli tashkilot va idoralar bilan bog'lab, ular uchun sharoit yaratib berishga urinayotgani ma'lum. Yaqin kelajakda bu borada muayyan o'zgarishlar bo'ladi, deydi O'zbekiston rasmiylari. Elchixona Amerikadagi vatandoshlar bilan yaqindan ishlash ilinjida.
Facebook Forum