Breaking News

Soipov ishi AQSh-O'zbekiston aloqalariga qanchalik ta'sir qiladi?


Oliy Majlis Senati
Oliy Majlis Senati

AQSh kongressmenlari Toshkentda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muzokara o’tkazdi. Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalar muhokama qilindi. Kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi Oliy Majlisda ham uchrashuvlar o’tkazadi. Delegatsiya o`z tashrifini boshlar ekan, Nyu-Yorkda o’zbekistonlik Sayfullo Soipovga nisbatan terrorchilik harakati yuzasidan rasmiy ayblov e`lon qilindi. Sharhlovchilar terror hodisasi siyosiy munosabatlarga ta’sir ko’rsatmasligi, AQSh islohotlar boshlayotgan yangi hokimiyatga ko’mak ko’rsatish qarorida qat'iy ekanligi haqida gapirmoqda.

Abdulaziz Komilov bilan Toshkentda o’tgan uchrashuvda ikki tomonlama aloqalar, parlamentlararo munosabatlar, shuningdek, O’zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo’nalishlari haqida gap borgan.

O’zbekistonga 21-noyabr kuni kelgan AQSh delegatsiyasi o’z safarini Oliy Majlisda va boshqa rasmiy idoralarda rejalashtirilgan uchrashuvlar bilan davom ettirdi.

Kongressmenlarning O’zbekistonga safari boshlanar ekan, AQShda O’zbekiston fuqarosi Sayfullo Soipovga nisbatan Nyu-York xurujlarini sodir etish yuzasidan rasmiy ayblov e’lon qilindi. 8 kishining o’limiga sabab bo’lgan bu xuruj terrorchilik harakati sifatida baholangan, ayblov mahkamada tasdiqlansa, Soipov o’lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Kongressmenlarning O’zbekistondagi uchrashuvlari davomida Nyu-Yorkdagi terrorchilik hodisalari ham muhokama qilinishi ehtimol qilinadi.

Sharhlovchilarga ko’ra, xurujning o’zbekistonlik tomonidan amalga oshirilishi ikki tomonlama siyosiy aloqalarga jiddiy ta’sir ko’rsatadi deyish noto’g’ri.
Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, terrorchilik xuruji davlatlararo munosabatlarga doir siyosiy bayonotga asos bermagan.

“Men bunday narsani kuzatmadim, tahliliy doiralarda ham bu haqda gap bormaydi. Albatta, matbuotda ayrim chiqishlar bo’ldi, terrorchi o’zbekistonlik bo’lgani uchun o’zbekistoniklar maxsus nazoratga olinishi, ulardan ehtiyot bo’lish haqida turli taxminlar aytildi. Lekin men bularni asossiz deb bilaman. Chunki terrorchi har qanday millat vakillari orasida bor, shu jumladan, amerikaliklar orasida ham. Shuning uchun terrorchilar qatorida o’zbekistonliklar bo’lsa, bundan uzoqqa boradigan xulosa chiqarmaslik kerak. Qolaversa, AQSh tomoni bu xuruj ortidan siyosiy munosabatlarda biror o’zgarish namoyon qilmadi, keskin bayonotlar kuzatilgani yo’q”, - deydi Farhod Tolipov.

Nyu-Yorkdagi terorchilik xuruji yuzasidan AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan qilingan bayonotda Soipovning “grin karta” bo’yicha AQShga kelgani, bu o’yinlarni bekor qilish lozimlgi ta’kidlangan, bayonotda O’zbekiston bilan siyosiy aloqalarga doir gap yo’q.

Ikki o’rtadagi siyosiy aloqalar avvalroq Samarqanddagi mintaqaviy anjumada ishtirok etish uchun O’zbekistonga kelgan AQSh prezidenti yordamchisi muovini, Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha bosh direktor Liza Kyortisning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o’tgan uchrashuvida gaplashilgan, jumladan, xavfsizlik bo’yicha hamkorlikni kuchaytirish ham muhokama qilingan edi.

Farhod Tolipovga ko’ra, ayni paytda AQSh delegatsiyasining O’zbekistonda bo’lib turgani ham tomonlar munosabati barqarorligini ko’rsatadi.

“Albatta, ikki o’rtadagi parlamentlararo aloqalar bugungi jarayon emas, bu ancha avval yo’lga qo’yilgan, hozirgacha bizning deputatlarimiz AQShga borishgan, o`z navbatida ular kelishgan. Bu ikki o’rtadagi aloqalar barqaror ushlab turilganining bir ko’rsatkichidir. Umuman, O’zbekiston - AQSh aloqalari avvaldan normal rivojlanib kelgan, faqatgina 2005-yildagi Andijon voqealari bu munosabatlarga putur yetkazdi. Ammo 2007-2008-yilda aloqalar yana tiklana boshladi”, - degan fikrda Tolipov.

AQSh-O’zbekiston aloqalaridagi muhim ko’rsatkichlardan biri inson huquqlari, demokratik qadriyatlar hisoblanadi. Bu boradagi munosabatlar esa yaqingacha keskin tanqidlardan xoli emas edi.

O’zbekistonda hokimiyat o’zgarib, yangi prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlar o’tkazilishini e’lon qilar ekan, bu tashabbus AQSh tomonidan ham iliq kutib olindi, inson huquqlari faollari, xususan, bir guruh siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqarilishi olqishlandi.

Farhod Tolipov nazarida O'zbekistonda hokimiyat almashishi AQSh bilan munosabatlarda keskin burilish qilmagan, ammo yangi hokimiyatning islohotlarini qo’llab-quvvatlash qarorini kuchaytirgan.

“O’zbekistonda islohotlar boshlanayotgan, hokimiyat rivojlanishning yangi strategiyasini e’lon qilgan bir pallada islohotlarni qo’llab-quvvatlash uchun AQSh tomonidan e’tibor oshishi, jumladan, iqtisodiy, sarmoya sohasidagi hamkorlik kuchayishi mumkin. Qolaversa, Mirziyoyevning sentabr oyida AQShga qilgan safari davomida ham ikki tomonlama uchrashuvlar o’tdi, o’zaro iqtisodiy, sarmoya bo`yicha hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi”, - deydi Tolipov.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning sentabr oyida AQShga qilgan safari BMT Bosh assambleyasi sessiyasida ishtirok etish uchun amalga oshirilgan edi. U bu safar davomida Amerika biznes ahli bilan gaplashgan, shuningdek, Prezident Tramp bilan qisqagina ko’rishgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG