Breaking News

AQSh vaksina pasportiga nega qarshi chiqyapti?


Nyu-Yorkda joriy etilgan vaksina pasporti
Nyu-Yorkda joriy etilgan vaksina pasporti

Bayden ma’muriyati AQShda “vaksina pasporti” tizimini joriy etish bilan davlat shug’ullanmasligi haqida ma’lum qilgan. Odamlarning sayohat yoki boshqa maqsadlar uchun koronavirusdan emlanganini tasdiqlovchi mexanizmni amalga oshirish tashabbusini xususiy kompaniyalar qo’lga olishi mumkin.

AQSh vaksina pasportiga nega qarshi chiqyapti?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:42 0:00

Nyu-Yorkdagi “Yanki” stadioniga 2019-yil oktabridan beri ilk bor qadam qo’ygan beysbol ishqibozlarining xursandchiligi ichiga sig’mayapti. Mamlakatda beysbol mavsumi boshlandi. Ammo o’yingohga kirishdan oldin tomoshabinlar virusdan xoli ekanini isbotlashi zarur.

“Emlanganlik haqidagi kartani 14 kundan keyin ko’rsatsa kifoya. Aks holda testdan o’tish kerak”, - deydi ulardan biri.

Nyu-York AQShda raqamli vaksina pasportini joriy etgan ilk shtat bo’ldi. Maxsus ilova va vebsayt koronavirusdan emlanish yoki test natijasining salbiy bo’lishi orqali COVID dan holi maqomni ko’rsatadi.

"Odamlarning ma’lumotlarini oshkor etmaslik huquqini e’zozlashimiz kerak. Tizim aniq ishlashini ta’minlash, chala joylarini to’g’irlash lozim. Tizim ancha asqatadi degan fikrdaman”, - deydi Nyu-York shahar meri Bill de Blazio.

Dunyodagi ayrim xususiy kompaniyalar sayyohlik, shou-biznes va boshqa sohalarda emlangan odamlarning raqamli guvohnomasini qabul qila boshlagan.

Xitoy va Isroil kabi mamlakatlarda hatto rasmiy umumdavlat tizimlar ishga tushgan. Ammo AQSh bu yo’ldan bormoqchi emas.

“Markazlashgan, universal federal emlanish ma’lumotlar bazasi bo’lmaydi, federal darajada odamlardan yagona vaksinatsiya guvohnomasi ham talab qilinmaydi”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki.

Emlash guvohnomasi Amerikada munozarali mavzu. Ayrim respublikachi gubernatorlar bunday guvohnomani hatto man qilib, maxsus farmon chiqargan.

“Amerikaliklar federal hukumatda har narsaning markazlashishiga shubha bilan qaraydi. Ular bunday markazlashishni erkinligi yoki shaxsiy hayotiga tajovuz deb ko’radi”, - deydi Vanderbilt universitetidan Jeffri Bennet.

Bayden ma’muriyati xususiy firmalarni masalaga yechim topishga da’vat etarkan, hammada teng imkoniyat bo’lishi uchun muayyan qoida va tartiblar joriy etishini bildirdi.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ham emlanish pasportlarini xalqaro sayohatda qo’llash taklifiga qarshi.

“Hozirgi bosiqchda vaksina virus tarqalishining oldini olishiga amin emasmiz. Bundan tashqari, u yoki bu sabablarga ko’ra emlana olmaydigan odamlarning kamsitilishi ehtimoli va boshqa masalalarni ham inobatga olmoq lozim”, - deydi tashkilot so’zlovchisi Margaret Xarris.

Guvohnoma tizimi iqtisodiy ahvolini yaxshilashga tashna sanoatlarga faoliyatini jonlantirishda yordam bersa-da, sog’liqni saqlash sohasi mutaxassislari buning eng yaxshi yo’li - imkon qadar ko’p odamlarni emlash, deydi.

“Qancha ko’p odam emlansa, masalan, bu ko’rsatkich 80 foizdan oshsa, shundagina vaksina pasportlari haqida o’ylamasak ham bo’ladi”, - deydi Vanderbilt universiteti professori Uilyam Shaffner.

Ayni paytda amerikaliklarning taxminan 20 foizi to’liq emlanib bo’lingan. Biroq ayrimlar hali ham emlanishga ikkilanarkan, kollektiv immunitetga erishish hali beri oson bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG