Breaking News

Venesuela muvaqqat rahbari Amerikani qora ishlarda ayblayapti


Amerika - Veneseula / US-Venezuela
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:56 0:00
Yaqinda uzoq yillik rahbari bilan vidolashgan Venesuela hukumati AQShni turli jinoyatlarda ayblamoqda. Mamlakatni vaqtinchalik boshqarayotgan Nikolas Maduro deydiki, amerikalik josuslar Venesuelada prezidentlikka nomzodlarni o’ldirishni rejalagan.

Ushbu bayonotlar asossiz, saylovoldi tashviqotdan boshqa narsa emas, deya javob beradi Amerika diplomatlari.

Muvaqqat prezident Nikolas Maduro Vashingtonning fitnasini fosh etdik, deydi. U AQShni muxolifat yetakchisi Enrike Kaprilesning joniga qasd qilganlikda ayblab, ikki sobiq rasmiyni tilga oldi. Ular Bush ma’muriyati davrida hukumat organlarida ishlagan.

“Prezident Obama hamda Pentagon va razvedka xodimlari Rojer Noriega va Otto Raykka murojaat qilyapman. Ular bizning siyosatchilarni o’ldirib, Venesuela tinchini buzmoqchi bo’lgan”, - deydi Maduro.

AQSh Davlat departamentiga ko’ra, bu ayblovlar safsata.

“Qo’shma Shtatlar Venezuela hukumatini to’ntarishga yoki uning fuqarolariga ziyon yetkazishga uringani haqidagi iddaolarni qat’iyan inkor etadi”, - deydi departament vakili Viktoriya Nuland.

Davlat kotibi sobiq muovini Rojer Noriega bugun Amerika Biznes Institutida ishlaydi. U ayblovlardan taajjubda.

“AQSh hukumatiga hech qanday aloqam yo’q. To’g’ri, bir paytlar ishlaganman Bush ma’muriyatida. Tashqi siyosatdagi xatolarni ko’rib, tanqid ham qilganman”, - deydi u.

Vashingtondagi Vilson siyosiy-tahlil markazi olimasi Sintiya Arnson izohicha, marhum prezident Ugo Chaves ham saylov kampaniyalarida o’xshash strategiyani qo’llagan.

“O’z tarafdorlari safini kengaytirish uchun Amerika nomidan foydalangan, uni imperializmda ayblagan Chaves”, - deydi Arnson.

Sobiq rasmiy Rojer Noriega fikricha, bu yerda boshqa bir gap bor. Venesuelaning yangi rahbari, deydi u, AQShni dushman qilib ko’rsatib, o’z raqiblaridan qutulmoqchi.

“Meni tashvishlantirayotgani - Nikolas Maduro, aniqrog’i unga yo’l-yo’riq ko’rsatib turgan Kuba hukumati Venesuelada siyosiy zo’ravonlikka yo’l ochib berishi mumkin”.

Obama ma’muriyatidan ehtiyotkorlik talab qilinadi.

“Hozircha sukunat eng yaxshi javob. Ortiqcha gapirib, Venesuela saylovlari mavzusiga aylanishning hech hojati yo’q. AQSh azaldan shu strategiyani qo’llab kelgan va u davom etishi kerak”, - deydi Arnson.

Agar vaziyat izdan chiqib ketmasa, deydi olima, saylovdan keyin Vashington va Karakas aloqalarni yaxshilashi uchun imkoniyat paydo bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG