Venesuelada davlat xavfsizlik kuchlari va hukumatga qarshi faollar o’rtasida to’qnashuvlar davom etarkan, ba’zi tahlilchilar nazarida, AQShning ushbu vaziyatga nisbatan keskin siyosati Venesueladagi siyosiy taranglikni tinch yo’l bilan hal qilishga halaqit bermoqda. Oq uy bu mamlakatga qo’shin yuborish ehtimoli haqida ham og’iz ochgan.
AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Kolumbiya poytaxti Bogotada Lotin Amerikasi mamlakatlari yig’ilishida qatnashib, Venesuela muxolifati rahbari Xuan Guaydo bilan uchrashdi.
“Prezident Trampning nomasi shuki, AQSh siz bilan, janob Prezident Guaydo”, - dedi Pens.
O’tgan hafta Venesuela xavfsizlik kuchlari muxolifat tarafdorlariga insonparvarlik yordamini mamlakatga olib kirishga imkon bermadi. Otishmada to’rt kishi nobud bo’lgan.
“Mamlakat gumanitar yordamga muhtoj, mintaqadagi davlatlar yordam berishga tayyor”, - dedi Guaydo.
Qo’shma Shtatlar va yana 60 dan ziyod mamlakat parlament spikeri Guaydoni vaqtincha prezident sifatida tan oldi.
Qo’shma Shtatlar Venesuela chegarasiga yuzlab tonna yuk yuborgan, biroq mamlakatning saylangan prezidenti Nikolas Maduro oziq-ovqat va dori-darmon ortilgan yukni chegaradan o’tkazmaslikka ko’rsatma berdi.
Ayrim xabarlarga ko’ra, Venesuela muxolifati Maduro tuzumini kuch bilan ag’darishga chaqirmoqda. Tramp ma’muriyati mamlakatga qo’shin kiritish ehtimolini hisobga olgan, ammo ko’plab ittifoqchi davlatlar bunga qarshi.
Oq uy tanqidchilariga ko’ra, Venesuelada hukumat va muxolifat o’rtasidagi ziddiyatlarga Tramp siyosati ham qisman sabab bo’lmoqda va ikki tomonning kelishishiga imkon bermayapti.
“Agar Qo’shma Shtatlar bu ishga hozirgiday shiddat bilan aralashmasa, hukumat va muxolifat kelishib olishi mumkin”, - deydi Vashingtondagi Iqtisodiy va siyosiy izlanish markazi eksperti Mark Vaysbrot.
AQSh vitse-prezidenti Kolumbiyadagi yig’inda Lotin Amerikasi davlatlarini Venesuelaga nisbatan bosimni kuchaytirishga, Maduro hukumatiga tegishli aktivlarni muzlatishga chaqirdi.
Facebook Forum