Tramp ma’muriyati o’tgan hafta Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro bilan aloqani uzgan bu mamlakat razvedka xizmati direktoriga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qildi. AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pensning aytishicha, Venesuela Oliy sudining 25 sudyasiga qonun ustuvorligini ta’minlash tayinlangan, aks holda Qo’shma Shtatlar ularni mas’ul tutib, qora ro’yxatga qo’shadi.
Pens Vashingtonda Amerika qit’asi kengashi majlisida qatnashib, Madurodan yuz o’girish evaziga Venesuela harbiy qo’mondonlariga imtiyozlar va’da qildi.
“Venesuela Milliy majlisi urush jinoyatlariga qo’l urmagan odamlarga amnistiya berilishini e’lon qildi. AQSh ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligini himoya qilib chiqqanlarni sanksiyalardan ozod qiladi”, - dedi Pens.
Vitse-prezident Eron va Rossiyani Maduro hukumatini qo’llab-quvvatlayotgani uchun tanqid qilib, Kubaning kommunist rahbarlari ham Venesuelaga katta madad berayotganini aytdi.
“Venesuelaga tegishli muhim qarorlar Karakasda emas, Gavanada qabul qilinmoqda. Venesuela Kubaning mijozi bo’libgina qolmay, Venesuela xalqi Kuba garoviga tushgan”, - dedi Pens.
Qo’shma Shtatlar Maduro ketganidan so’ng bu xalqqa yordam berishga tayyor, dedi u.
Facebook Forum