Braun Universiteti tayyorlagan hisobotda aytilishicha, Iroq va Afg'onistondagi urushlar hamda Pokistondagi harbiy operatsiyalar AQShga salkam to'rt trillion dollarga tushadi. Bu prezidentning yaqinda qilgan nutqida keltirilgan raqamdan uch baravar ko'p. Barak Obama Afg'onistondan qo'shinlarni chiqarish rejasi haqida gapirganida urushlarga bir trillion dollar sarflandi, degan edi. Ammo Braun Universiteti 3,7 trillion dollar hisob qilgan.
Izlanish mualliflaridan biri Ketrin Lutsning aytishicha, bu summaga shu paytgacha sarflangan xarajatlar va kelajakda urush faxriylarining tibbiy va boshqa ehtiyojlari uchun ajratiladigan pul kiradi. Bundan tashqari 2020-yilgacha qarzga olingan pulning foiz to'lovini yopish uchun qo'shimcha bir trillion dollar kerak bo'ladi, deydi mutaxassis.
Hisobotning yana bir muallifi Neta Krouford hisobicha, so'nggi 10 yildagi urush xarajatlari AQSh byudjetiga yiliga o'rtacha 130 milliard dollarga tushgan.
"Bu pulga ta'lim sohasida 900 ming mutaxassisni jalb etish mumkin edi", - deydi u.
Hujjatda urush talofatlari ham hisobga olingan. Jami shu kungacha 224 mingdan 258 minggacha atrofida odam o'lgan. Ulardan 125 minggi oddiy iroqliklar.
AQSh hukumati Afg'onistonda xizmat qilayotgan har bir askarga o'rtacha 1,2 million dollar sarflaydi, deyiladi Braun Universiteti hisobotida.
Mustaqil izlanish xulosasi: Urushlar AQShga salkam 4 trillion dollarga tushadi
- Amerika Ovozi